O‘zbekistonda iste'molchilar ko‘proq qaysi mahsulotlar sifatidan shikoyat qilishi ma'lum qilindi
Iste'molchilardan kelayotgan sifat bilan bog‘liq shikoyatlar ko‘p hollarda kolbasa va sosiska mahsulotlari bilan bog‘liq bo‘lmoqda.
«O‘zstandart» agentligi akkreditatsiya markazi direktori Ansabxon Zokirov Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan onlayn matbuot anjumanida O‘zbekistonda mahsulot sifatini baholash va uni nazorat qilish bilan bog‘liq ishlar haqida ma'lumot berdi.
U muvofiqlikni baholash idoralari tomonidan sifatsiz mahsulotga sertifikat berilishi javobgarlikka tortishga sabab bo‘lishi haqida ta'kidlab o‘tdi.
«Amaliyotda bunday holatlar ham uchrab turadi. Noqonuniylikka yo‘l qo‘yib, sifatsiz mahsulotga sertifikat beradigan idora uchun javobgarlik belgilangan.
Markaz faoliyati davomida navbatdan tashqari inspeksiya nazorati o‘tkazib boriladi. Tekshiruv natijasida sertifikat beruvchi tashkilot faoliyati to‘xtatilishi ham mumkin», deydi Ansabxon Zokirov.
Akkreditatsiya markazi direktorining ma'lumot berishicha, joriy yilning hozirgi davriga qadar 49ta inspeksiya nazorati o‘tkazilib, 18ta holatda muvofiqlikni baholash idoralari faoliyat to‘xtatilgan.
«Sababi ular mahsulot sifatini baholashda kamchilikka yo‘l qo‘ygan. Ularning 4tasida xatolar ko‘pligi tufayli qayta faoliyat ko‘rsatishi mumkin emas, deb topilgan. Qolganlariga esa kamchiliklari ustida ishlab, faoliyatini tiklashga ruxsat berilgan», deya qayd etdi Asnabxon Zokirov.
Bundan tashqari, hozir iste'molchilardan kelayotgan sifat bilan bog‘liq shikoyatlar ko‘p hollarda kolbasa va sosiska mahsulotlari bilan bog‘liq bo‘layotgani haqida ma'lumot berildi.
«Demak, bu sohada standart va sifat nazoratini kuchaytirish zarur bo‘lmoqda. Agar iste'molchilarning kolbasa va sosiska, umuman, boshqa turdagi mahsulotlarning sifati va yaroqlilik muddati bilan bog‘liq shikoyatlari bo‘lsa, Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga murojaat qilishlari lozim», dedi agentlik vakili.
Akkreditatsiya markazi direktorining so‘zlariga ko‘ra, hamkorlik 2 taraflama bo‘lishi kerak: xaridor o‘zi sotib olayotgan mahsulotiga talabni kuchaytirishi zarur. Ikkinchi tomondan esa «O‘zstandart» agentligi akkreditatsiya markazi va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi hamkorlikda talabchanlik bilan ish olib borishi lozim.
«Iste'molchilar mahsulot sifatiga qanchalik talabchan bo‘lib, unga e'tiroz bildirsa, bizning ishimiz ham osonlashadi, noqonuniylikka yo‘l qo‘ygan tadbirkorlarga chora ko‘riladi», dedi Asnabxon Zokirov.
Mavzuga oid
15:23 / 04.04.2024
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi rahbariga o‘rinbosarlar tayinlandi
19:45 / 15.04.2021
Inson salomatligi uchun xavfli deb topilgan sariyog‘ importiga taqiq qo‘yildi
23:00 / 31.03.2021
O‘zbekistondagi ko‘p qurilish obektlarida sifatsiz mahsulotlar ishlatilayotgani aytildi
13:28 / 30.03.2021