Jahon | 08:44 / 16.06.2020
9650
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya qurolsizlashtirilgan hududga qo‘shinlarni qaytarish bilan Seulga tahdid qildi

Shimoliy Koreya Janubiy Koreya bilan chegaradagi qurolsizlashtirilgan hududga qo‘shinlarni qaytarmoqchiligini ma'lum qildi. Bu front chizig‘ini mustahkamlash uchun qilinadi. Qo‘shinlar ushbu hududdan koreyaaro kelishuvlarga ko‘ra olib chiqilgandi. 

Foto: AP Photo / Wong Maye-E

Shimoliy Koreya xalq armiyasi bosh shtabi Janubiy Koreya bilan munosabatlar yomonlashayotgani bilan bog‘liq vaziyat ortidan sinchkov kuzatayotganini ma'lum qilgan. Shtabda armiya partiya va hukumatning har qanday qarorini harbiy vositalar bilan qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi ta'kidlab o‘tilgan.

“Armiyamiz Shimol va Janub o‘rtasidagi munosabatlar tobora yomonlashib borayotgan joriy vaziyat ortidan sinchkov kuzatmoqda hamda hukumat va partiya tomonidan qabul qilinadigan har qanday choraning ishonchli harbiy kafolatini ta'minlashga to‘liq tayyorlanmoqda”, deb aytilgan shtabda.

Avvalroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon Shimoliy Koreya Janubga qarshi “keyingi harakatlarni” amalga oshirmoqchiligini ma'lum qilgandi. Bundan avval esa Shimol Janub bilan aloqa liniyasini bloklab qo‘ygandi. Ta'kidlanishicha, aloqa liniyasining bloklanishi Seul bilan barcha aloqa vositalari to‘liq uzilishidagi ilk qadamdir. Bundan avval Pxenyan agar Seul shimoliy koreyalik qochoqlarga “Shimolga Kim Chen Inni va mavjud tuzumni tanqid qiluvchi tashviqot varaqalari va boshqa materiallar jo‘natishiga” to‘sqinlik qilmasa, Koreyaaro aloqa bo‘limi va boshqa qo‘shma loyihalarni yopishidan ogohlantirgan.

Kim Yo Chjonning ta'kidlashicha, varaqalar tashlanishi ikki davlat o‘rtasidagi tinchlik sulhlarini buzuvchi dushmanona harakatdir.

O‘z navbatida, Janubiy Koreya milliy xavfsizlik kengashi 14 iyunda Shimolning Seulga kuch qo‘llashi tahdidlari yuzasidan favqulodda yig‘ilish o‘tkazgan.

Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi qurolsizlashtirilgan hudud 1953 yilda Koreya urushi yakunlangandan keyin paydo bo‘lgan. Uning tashkil etilishi haqidagi kelishuv ikki davlat o‘rtasidagi Pxanmunjom aholi punktida imzolangan. Ushbu hudud Koreya yarimorolini ikki qismga – Shimoliy va Janubiy Koreyaga ajratadi.

Mavzuga oid