Jahon | 20:18 / 28.06.2020
77689
7 daqiqa o‘qiladi

Konditsionerlar koronavirus tarqatishi rostmi?

Bir qator davlatlarda karantin yumshatila boshlandi, jamoat transporti, ofislar, kafe, do‘kon va sportzallarda yana odamlar gavjumlashmoqda.

Foto: Getty Images

Kun isib borishi bilan savol tug‘iladi: atrofda koronavirus pandemiyasi mavjud bo‘lgan yoz jaziramasida konditsionerdan foydalanish mumkinmi?

Ular yuqtirib olish xavfini orttirmaydimi?

Qisqa qilib aytganda, ha — konditsionerlar, olimlar fikricha, koronavirusni tarqatish xususiyatiga ega. Ammo virusning manbayi bo‘lolmaydi. Shuning uchun ulardan qayerda va qanday foydalanishni hisobga olish muhim hisoblanadi.

Ilm-fan nima fikrda?

Foto: Getty Images

Bu mavzudagi ilmiy ishlar, aniqlanishicha, hozircha juda kam va ularning natijalarini mutlaq reprezentativ deb hisoblab bo‘lmaydi.

Koronavirus tarqalishida konditsionerlarning roli haqida birinchi marta Uhandagi restoranda infeksiyalanish sxemasini o‘rgangan xitoylik mutaxassislar tomonidan olib borilgan tadqiqotdan keyin gapirilgan. 
Olimlar konditsioner yaqinidagi stolda o‘tirgan 9 kishi koronavirusga chalinganini aniqlashgan. 

Olimlarning fikriga ko‘ra, virusni o‘zida Covid-19 alomatlari bo‘lmagan xo‘randalardan biri tarqatgan. U konditsioner qarshisida o‘tirgan. Keyinchalik, qo‘shni stollarda o‘tirgan va ayol bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa qilmagan 9 nafar mehmonda ham test musbat natija berdi. 

Ammo unutmaslik kerakki, ushbu tadqiqotda tanlov juda kam edi va sharoit laboratoriyanikidan farq qiladi. Shuning uchun ilmiy dunyoda ko‘pchilik uning reprezentativligi va asosliligiga shubha bilan qarashadi. 

Bu vaqtda Xitoy tadqiqoti mavzusini ukrainalik mashhur shifokor Komarovskiy qo‘llab-quvvatladi.

U o‘z videoblogida natijalarni keltirdi va noxush xulosa chiqardi: «Agar bemor nafas bilan chiqargan virus sun'iy iqlim nazorati tomonidan yaratilgan havo oqimiga qo‘shilib ketadigan bo‘lsa, hamma narsa allaqachon jiddiylashadi».

Bundan tashqari, «Diamond Princess» kruiz kemasi bilan bo‘lgan voqea ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. Uning bortidagi uch ming kishidan 700 nafari kasallikka chalingan va ularning katta qismi kema karantinga olingandan keyin virusni yuqtirgan. Shifokorlar bunda laynerning konditsioner tizimi muhim rol o‘ynagan deb hisoblashadi.

Zararlanish qanday ro‘y beradi?

Foto: Getty Images

Bu mavzuda mulohaza bildirgan barcha mutaxassislarning ta'kidlashicha: konditsioner o‘z-o‘zidan koronavirus o‘chog‘i bo‘la olmaydi, chunki virus faqat odamdan odamga yuqadi. Biroq, agar xonada bemor bo‘lsa, konditsioner tizimlari infeksiya tarqalishini oshirishi mumkin. 

Bu aksariyat konditsionerlarning ishlash usuli bilan bog‘liq. 

Issiq kunda xonani salqinlatsa ham, u bir havoni aylantiradi. 

«Shunday amaliyot mavjud: agar konditsioner yoqilsa, derazalar butkul yopiladi. Konditsioner shunday ishlaydi: havo oladi, uni sovitadi va yana qaytaradi. Bu aylanma harakatni keltirib chiqaradi», — deb tushuntiradi Ukraina Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi sog‘liqni saqlash markazi shifokor-gigiyenisti Danila Brindak. 

Shuning uchun, virus bilan kasallangan odam aksirsa yoki yo‘talsa, konditsionerdan chiquvchi havo oqimi bu tomchilarni tarqata oladi, lekin unchalik uzoqqa emas. Shuningdek, havo oqimining yo‘nalishi ham muhim ahamiyatga ega. 

Konditsionerlardan voz kechish vaqti keldimi?

Bu konditsionerdan butunlay voz kechish kerakligini anglatadimi? Bir so‘z bilan aytganda, yo‘q. 

Birinchidan, shaxsiy xonadon yoki uydagi konditsionerlar jamoat joylaridagiga qaraganda ancha xavfsizdir — agar siz va sizning yoningizda yashovchilar sog‘lom bo‘lsa. Shuningdek, uyingizga ko‘p mehmon kelmasligi ham muhim, chunki ular orasida tashqi alomatlarsiz virus tashuvchisi ham bo‘lishi mumkin.

Ofis va restoranlarga kelsak, xavf, albatta, katta. Ammo mutaxassislar iqlim nazoratidan butunlay voz kechishni tavsiya etishmaydi, chunki dim xonada bo‘lish ayniqsa qariyalar uchun yanada xavflidir.

Mutaxassislarning bosh maslahati — xonani muntazam ravishda shamollatish kerak. 

«Odamlarga konditsionerdan foydalanishni taqiqlashdan ma'no yo‘q, chunki ular qulaylik uchun kerak. Ammo yaxshi shamollatish zarurat bo‘lib qoladi», — deydi Danila Brindak. 

Bundan tashqari, odatda koronavirus yuqumliligi havo harorati ko‘tarilishi bilan pasayadi, shuning uchun konditsioner haroratini boshqarish imkoni bo‘lsa, uni avvalgi yozda odatlanganingizdan biroz yuqoriroq tuting. 

Oxir-oqibat, allaqachon yod bo‘lishga ulgurgan uyda qolish qoidalariga amal qilish kerak: ijtimoiy masofani saqlang, qo‘llaringizni dezinfeksiya qiling va yuzingizga tegmang. 

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, sirt orqali va to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa paytida infeksiya yuqishi xavfi konditsionerga qaraganda ancha yuqori.

Uyda bemor bo‘lsa, nima qilish kerak?

Agar uyda koronavirus bilan kasallangan odam bo‘lsa, konditsionerni o‘chirish va shamollatish uchun derazalarni ochish eng yaxshi usul hisoblanadi. 

«Oynani ochish orqali ko‘proq toza havoga ega bo‘lasiz va bu xonada koronavirusning ehtimoliy konsentratsiyasini kamaytiradi», — deydi Zabolotniy nomidagi mikrobiologiya va virusologiya institutining viruslar reproduksiyasi bo‘limi boshlig‘i Svetlana Zagorodnya. 

Agar biror kimning gulchanglarga allergiyasi tufayli derazani ochishning iloji bo‘lmasa, konditsionerni yoqing, lekin xona haddan tashqari sovib ketishiga yo‘l qo‘ymang, chunki sovuqda koronavirus o‘zini yaxshi his qiladi. 
Va iloji bo‘lsa, konditsionerdan chiquvchi havo oqimi uy bo‘ylab tarqalmasligi uchun bemor joylashgan xona eshigini yoping. 

«Bu holda, eng muhimi, bemorlarni shamollatish tizimlaridan uzoqroq tutishdir», — deb maslahat beradi Svetlana Zagorodnya. 

Shuningdek, u konditsionerdan foydalanish qoidalari borligini eslatadi: «Ularni vaqtida tozalash, sovuq havo oqimini to‘g‘ri yo‘naltirish, haroratni ko‘chadagiga nisbatan 6-10 daraja farqli ushlash va xonani har kuni shamollatish zarur».

Mavzuga oid