Jamiyat | 14:37 / 30.06.2020
21156
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sun'iy nafas berish apparati foydalanishga topshirildi

Slovakiya-Rossiya-O‘zbekiston hamkorligi asosidagi Chirana Asia qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan o‘pkaga sun'iy yuborish apparati (IVL) foydalanishga topshirildi.

Tadbirda ma'lumot berilishicha, bugungi kunda bunday apparatlar dunyoning 12ta mamlakatida ishlab chiqariladi, endilikda O‘zbekiston ham shu mamlakatlar sirasiga kirmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshlig‘i Jamoliddin Boboxonovning so‘zlariga ko‘ra, bunday apparatlarni ishlab chiqarish Slovakiya va Rossiyadan jalb qilingan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar asosida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati 6 mln AQSh dollariga teng.

«Boshqa kompaniyalarda ishlab chiqariladigan o‘pkaning sun'iy ventilyatsiyasi apparati ikki bosqichli ventilyatsiyani ta'minlasa, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mazkur uskuna uch va ko‘p bosqichli ventilyatsiya ta'minotiga ega. U o‘pkaning tabiiy nafas jarayonidan farq qilmaydigan ventilyatsiyani ta'minlaydi, bemorning o‘pkasiga hech qanday ziyon yetkazmaydi», deya Jamoliddin Boboxonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, Chirana Asia qo‘shma korxonasi joriy yilning 26 avgustida ishga tushadi va respublikadagi talabdan kelib chiqqan holda sun'iy nafas yuborish apparatlarini ishlab chiqarish boshlanadi. Loyiha ishga tushishi natijasida ventilyatsiya apparatiga bo‘lgan mahalliy ehtiyojni qondirish bilan birga qo‘shni davlatlar – Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Afg‘onistonga eksport qilish imkoniyati ham yaratiladi. 

«Qo‘shma korxona narkoz-nafas olish apparatlarini ham ishlab chiqaradi. Korxona bir yilda 1000ta o‘pkaning sun'iy ventilyatsiyasi apparati va 1000ta narkoz-nafas olish apparatini ishlab chiqarish quvvatiga ega. 

Shuningdek, loyihaning yil yakunida ishga tushadigan ikkinchi bosqichida saratonni erta bosqichlarda aniqlaydigan testlar ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Chunki O‘zbekistonda saraton kasalliklarini o‘z vaqtida aniqlash borasida muammolar mavjud. Bu testlarning O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi esa ham narx, ham vaqt jihatidan yutish imkonini beradi», deya ta'kidlagan vazirlik rasmiysi.

O‘pkaning sun'iy ventilyatsiyasi apparatini taqdim etish chog‘ida Slovakiya hamkori tomonidan O‘zbekistonga 1000 dona nafas olish konturi, 500 dona namlik kollektori bilan nafas olish konturi va 1000 dona bir martalik bakterial-virusli filtr beg‘araz foydalanish uchun topshirildi.

Apparatni Slovakiya va Rossiya hamkorlaridan qabul qilib olgan Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov uni Toshkent shahridagi 1-sonli respublika shifoxonasiga foydalanish uchun topshirdi.

Mavzuga oid