O‘zbekiston | 20:11 / 01.07.2020
6759
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bu yil 19 ming tonna ortiqcha guruch yetishtirilishi kutilmoqda

Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi Nigora Xo‘jayeva AOKAda o‘tkazilgan brifingda 2020 yil uchun ekin ekish hajmi va kutilayotgan hosil miqdori haqida ma'lumot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilda 410 ming gektar yerga sabzavot, 83 ming gektar yerga kartoshka va 87 ming gektar yerga poliz ekinlari ekilgan. Joriy yil yakuniga qadar kutilayotgan hosil hajmi 11 mln 974 ming tonna sabzavot, 2 mln 916 ming tonna kartoshka va 2 mln 504 ming tonna poliz mahsulotlarini tashkil qiladi.

«Shuningdek, 2020 yilda hosil olish uchun o‘tgan yilning kuz oylarida jami 206 ming gektar yerga to‘qsonbosti usulida sabzavot (sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz, karam, brokkoli, ko‘k piyoz, ukrop, kashnich, petrushka, aysberg salat, rukollo) ekilgan bo‘lib, shundan 81 ming gektari fermer xo‘jaliklari, 125 ming gektari aholi tomorqalari hisobiga to‘g‘ri keladi.  

Ushbu to‘qsonbosti ekinlaridan hamda bahorgi ertaki ekinlardan bugungi kunda 4 mln 992 ming tonna sabzavot mahsulotlari yig‘ishtirib olingan», deya Nigora Xo‘jayevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, 2020 yilda barcha toifa xo‘jaliklarining asosiy, bog‘-tok qator oralari, lalmi va takroriy maydonlarning 423,4 ming gektarida dukkakli, 101,7 ming gektarida moyli, 9,2 ming gektarida chorva ozuqasi mahsulotlarini yetishtirish belgilangan.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilda 19 ming tonna ortiqcha guruch yetishtirilishi kutilmoqda.

Vazirlik vakilining qayd etishicha, respublikada guruchga bo‘lgan o‘rtacha yillik ehtiyoj 333,2 ming tonnani tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich aholi jon boshiga 9,8 kilogrammga teng.

«Respublika bo‘yicha 2019 yilda fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan 400 ming tonna sholi yetishtirilgan (2018 yilga nisbatan 216 ming tonna ko‘p) bo‘lib, reja 110 foizga bajarilgan.

Shuningdek, 2019 yilda 13,7 mln AQSh dollar qiymatida 58,7 ming tonna, 2020 yilda 85 ming AQSh dollar qiymatida 620 tonna guruch import qilingan», degan vazirlik vakili.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilda respublikadagi 96ta tumanda 128 ming gektar yer maydonida (74,8 ming gektar asosiy, 53,3 ming gektar takroriy) sholi ekilishi va 641 ming tonna hosil yetishtirilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid