Xalqaro shartnoma loyihasini tayyorlash bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar ochiqlandi
Xalqaro shartnoma loyihasini tayyorlash haqidagi uslubiy ko‘rsatmalar tasdiqlanadi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Xalqaro shartnoma loyihasini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasining ko‘p tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani ishlab chiqish haqidagi uslubiy ko‘rsatmalarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.
Uslubiy ko‘rsatmalar xalqaro shartnoma loyihasini yoki O‘zbekiston Respublikasining ko‘p tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani tayyorlash, yuridik-texnik rasmiylashtirish, ekspertlar darajasida puxta ishlab chiqish, shuningdek, ular matnlarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari tomonidan foydalanish uchun mo‘ljallangan.
Xalqaro shartnoma loyihasini tayyorlashda davlat organi:
xalqaro shartnoma tuzish orqali tartibga solishni talab qiladigan muammo yoki masalalar chindan ham mavjudligini aniqlashi;
O‘zbekiston Respublikasi uchun xalqaro shartnomani tuzish maqsadga muvofiqligi va amaliy ahamiyatini aniqlashi tegishli sohada huquqiy tartibga solishning amaldagi holatini tahlili qilishi (O‘zbekiston Respublikasining amaldagi xalqaro shartnomalarini va milliy qonun hujjatlarini o‘rganishi);
xalqaro shartnoma tuzish natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan moliyaviy-iqtisodiy yoki boshqa oqibatlarni aniqlashi;
xalqaro shartnoma loyihasi qoidalarining O‘zbekiston Respublikasi milliy qonun hujjatlari normalari va xalqaro shartnomalariga muvofiqligini aniqlashi;
boshqa xalqaro shartnomalarning qaysi qoidalari o‘zgartirilishi, to‘ldirilishi yoki yangi xalqaro shartnoma tuzilishi munosabati bilan uning ishtirokchilari o‘rtasida boshqa xalqaro shartnomalar amal qilishi to‘xtatilishi lozimligini aniqlashi;
xalqaro shartnoma tuzilishi munosabati bilan qabul qilinishi, o‘zgartirilishi, qo‘shimcha kiritilishi va (yoki) o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni aniqlashi zarur.
Xalqaro shartnoma loyihasi quyidagi talablarga mos kelishi kerak:
xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan prinsiplari va normalariga zid kelmasligi;
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari qoidalarini takrorlamasligi (ayni bir masala bo‘yicha ikkita yoki undan ko‘p shartnoma tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi);
mazmuni uning obekti va maqsadlariga mos kelishi;
unda o‘z kuchini yo‘qotgan xalqaro shartnomalarga havolalar keltirilmasligi;
xalqaro shartnomalar tuzish va rasmiylashtirish amaliyotiga mos kelishi.
Xalqaro shartnoma loyihasini tayyorlashda davlat organi xalqaro shartnoma tuzish darajasidan qat'i nazar (davlatlararo, hukumatlararo, idoralararo) xalqaro huquq nuqtai nazaridan davlatlar uning ishtirokchilari bo‘lishiga e'tibor qaratishi lozim. Xalqaro shartnomada yuklanadigan majburiyatlar nafaqat nomidan shartnoma tuzilgan davlat organlarining, balki tegishli davlatlarning ham majburiyatlari hisoblanadi. Xalqaro shartnoma bo‘yicha o‘z zimmasiga olingan majburiyatlarning buzilishi xalqaro huquq doirasida ularni buzgan tomon uchun huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Shu munosabat bilan, davlat organi, agar quyidagilar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma tuzishdan tiyilishi yoki uni xalqaro shartnoma bo‘lmagan xalqaro hujjat sifatida ishlab chiqishi lozim:
xalqaro shartnomaning yo‘qligi mavjud masalalar hal etilishiga yoki chet el tomoni bilan hamkorlik qilishning aniq yo‘nalishlari va shakllarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilmaydi;
loyihada xalqaro huquq bilan tartibga solinadigan huquqlar va majburiyatlar yaratilishi nazarda tutilmaydi.
Xalqaro shartnoma loyihasi ekspertlar darajasida ishlab chiqish boshlangunga qadar davlat organining yuridik xizmati tomonidan Qonunda va mazkur Uslubiy ko‘rsatmalarda nazarda tutilgan talablarga mos kelishi nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi.
Quyidagilar xalqaro shartnoma loyihasiga qo‘yiladigan umumiy talablar hisoblanadi:
xalqaro shartnoma loyihasida ziddiyatlar yo‘qligi;
matn ilova qilingan tilning aniqligi, oddiyligi va tushunarliligi;
matndagi mantiqiy izchillik va qoidalarning o‘zaro bog‘liqligi;
qoidalar qisqa bayon etilishi, normativ ko‘rsatmalar takrorlanishini istisno qilish;
qoidalar aniq va tushunarli ta'riflanishi, matnda foydalaniladigan tushunchalar va terminlar bir xilligi.
Zarur bo‘lsa, xalqaro shartnoma loyihasiga ayni o‘sha masala bo‘yicha xalqaro shartnomaning (uning bir qismining) avvalgi va (yoki) keyingi xalqaro shartnomalarga nisbatini, shuningdek, yangi xalqaro shartnoma ishtirokchilari o‘rtasida xalqaro shartnomalarni qo‘llashni davom ettirish yoki amal qilishini tugatishni belgilaydigan qoidalar kiritiladi.
Mavzuga oid
07:30 / 21.03.2024
«O‘zenergoinspeksiya» ko‘rsatmalarini bajarmagan 500 dan ortiq mas’ulga ma’muriy ish rasmiylashtirildi
08:27 / 30.04.2021
Prezident qarori bilan ikkita xalqaro shartnoma tasdiqlandi
08:45 / 06.02.2021
O‘zbekiston yana bir xalqaro shartnomaga qo‘shilmoqda
11:51 / 23.09.2020