O‘zbekiston | 23:57 / 09.07.2020
6933
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmiy maktabi Amerika kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi – AKT vazirligi

AKT vazirligining xabar berishicha, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab Amerikaning EPAM Systems kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

«Hamkorlik doirasida xalqaro kompaniya mutaxassislarining treninglarni tashkil etish, O‘zbekistondagi IT-sohasi vakillari orasidan yuqori malakali va yetuk murabbiylar – mentorlarni tayyorlash ko‘zda tutilgan. Treninglarda maktab o‘qituvchilari uchun veb dasturlash mavzusida ma'ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan», deya vazirning matbuot kotibi Sherzod Ahmadovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

1993 yili AQShning Pensilvaniya shtatida asos solgan EPAM Systems – bugungi kunda dasturiy ta'minot ishlab chiqish va IT-sohasida konsalting xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha jahondagi eng yirik korxonalaridan biri. Hozirgacha kompaniya 30 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat ko‘rsatmoqda. EPAM Systems MDH davlatlarida ham o‘z vakolatxonalarini ochgan (Rossiya, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston). Bundan tashqari, u Belarus Yuqori texnologiyalar parkining rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

EPAM Systems’ning aylanmasi 2019 yilda 2,29 mlrd dollarga yetgan. Kompaniya xodimlari soni 36700 nafardan oshadi.

Mavzuga oid