Jahon | 12:38 / 12.07.2020
83534
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik olimlar koronavirusga qarshi vaksinaning sinovlarini yakunlashdi

Moskvadagi Sechenov universitetida koronavirusga qarshi vaksinani ko‘ngillilarda sinash ishlari yakunlandi. Bu haqda Translyatsion tibbiyot va biotexnologiyalar instituti direktori Vadim Tarasov ma'lum qildi. 

Foto: RIA Novosti

Tadqiqotning bu bosqichi vazifasi vaksinaning salomatlik uchun bezararligini ko‘rsatishdan iborat bo‘lgan. “Vaksinaning xavfsizligi tasdiqlandi. U hozirda bozorda mavjud bo‘lgan vaksinalar xavfsizligiga mos keladi”, deb aytgan Sechenov universitetining Tibbiy parazitologiya, tropik va transmissiv kasalliklar instituti direktori Aleksandr Lukashev.

Sinovlardan oldin ko‘ngillilar tekshirilgan, jumladan ularda koronavirusga antitanalar bor-yo‘qligi aniqlashtirib olingan. So‘ngra ular koronavirusga chalinmasliklari uchun 2 haftaga yakkalangan va shundan keyin ularni emlash amalga oshirilgan.

Vaksina qilinganlar tibbiy xodimlarning doimiy kuzatuvida bo‘lgan. Ular ikki guruhga bo‘lingan: birinchi guruhdagilar vaksinaning bir dozasini, ikkinchi guruhdagilar ikki dozasini olishgan. Lukashevning aytishicha, ikki guruhdagilardan birortasida emlashning ilk kunlaridagi tana harorati ko‘tarilishidan boshqa salbiy reaksiyalar aniqlanmagan. Ko‘ngillilarni 15 va 20 iyulda chiqarish rejalashtirilgan. Shundan keyin ko‘ngillilar ortidan ularning immuniteti o‘zini qanday tutayotganini baholash uchun kuzatuv o‘rnatiladi.  

Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, vaksinani ishlab chiqishdagi keyingi qadamlar uni ishlab chiqarayotgan korxona tomonidan belgilanadi. 

Vaksina N.F.Gamaleya nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya milliy tadqiqot markazida ishlab chiqilgan. Uning sinovlari 17 iyundan ikki joyda - Sechenov universiteti va Burdenko nomidagi harbiy gospitalda boshlangan. Har ikki joyda 38 nafardan ko‘ngilli emlashda ishtirok etgan. Ma'lum qilinishicha, universitetda vaksinaning kukun ko‘rinishidagi varianti qo‘llangan. Undan emlash joyining o‘zida mushakka kiritishga mo‘ljallangan suyuqlik tayyorlangan. Gospitalda esa vaksinaning suyuq holatdagi ko‘rinishi qo‘llangan.  

Iyun o‘rtalarida Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikova 2020 yilda Rossiyaning uch davlat muassasasi - N.F.Gamaleya nomidagi markaz, “Vektor” ilmiy markazi hamda Vaksinalar va zardoblar markazining vaksinalari paydo bo‘lishi kutilayotganini ma'lum qilgan. Uning aytishicha, Gamaleya nomidagi markaz ishlab chiqqan vosita avgustda davlat ro‘yxatidan o‘tishi mumkin, uning ishlab chiqarilishi esa sentyabrda boshlanishi kutilmoqda.

Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari Dmitriy Chernishenko sentyabrdan aholining koronavirusga qarshi ommaviy emlanishi boshlanishi mumkinligini aytgan. Sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko emlash ixtiyoriy bo‘lishi, u fuqaroning roziligi bilangina amalga oshirilishiga va'da bergan.     

Mavzuga oid