O‘zbekiston | 16:50 / 13.07.2020
12400
2 daqiqa o‘qiladi

Otabekov Xitoydan keltirilgan testlardan virus yuqishi haqidagi gaplarga munosabat bildirdi

Xitoyning O‘zbekistonga yuborgan testlaridan koronavirus yuqayotgani haqidagi gaplar rad etildi.

Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov AOKAda o‘tkazilgan brifingda Xitoyda ishlab chiqarilayotgan testlardan virus yuqishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlarga izoh berdi.

«Koronavirusni tekshiradigan testlar bu – reaktivlar. Reaktivlarda virus bo‘lmaydi. Virusdagi antigen reaktivdagi antitanachalar bilan qo‘shilishi orqali yashash imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Laboratoriya natijalari ham antigen va antitana o‘rtasidagi jarayonga asoslangan.

Kasallik tashxisi uchun ishlatiladigan test tizimlaridan virus tarqalishi umuman mumkin emas», deya Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda foydalanilayotgan barcha test tizimlari sezgirlik bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkaziladi.

«Test tizimlari turlicha bo‘ladi. Ularning ba'zilarida sezgirlik past bo‘lishi mumkin. Sezgirligi past bo‘lgan testlar ba'zan kasalligi bor odamning natijasini manfiy, kasalligi yo‘q odamnikini musbat ko‘rsatishi mumkin.

O‘zbekistonda ishlatilayotgan har bitta test dastlab sezgirlik nuqtayi nazardan tekshiruvdan o‘tkaziladi, keyin ishlatishga ruxsat beriladi», dedi Otabekov. 

Mavzuga oid