O‘zbekiston | 11:38 / 24.07.2020
8268
5 daqiqa o‘qiladi

Soliq auditini o‘tkazish tartibi belgilandi

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan Soliq auditini o‘tkazish to‘g‘risida nizom qabul qilindi.

Soliq kodeksiga muvofiq, soliq auditi soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchining muayyan davr uchun soliqlar va yig‘imlarning hisoblanishi hamda to‘lanishining to‘g‘riligini tekshirish maqsadida, uning buxgalteriya, moliya, statistika, bank hamda boshqa hujjatlarini o‘rganish va taqqoslash yo‘li bilan o‘tkaziladi.
 
Norma’ning yozishicha, jinoyat ishi doirasida soliq to‘lovchining moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish etish Jinoyat-protsessual kodeks va Soliq kodeksi talablari asosida o‘tkaziladi.
 
Nizomga muvofiq, soliq auditi quyidagi soliq to‘lovchilarda o‘tkaziladi:

soliq organida xavfni tahlil etish avtomatlashtirilgan axborot tizimi («Tahlika-tahlil» dasturiy mahsuloti) orqali aniqlangan, yuqori darajadagi tavakkalchilik (soliq xavfi) toifasiga mansub bo‘lgan;

kameral soliq tekshiruvi natijasi bo‘yicha soliq organining talabnomasiga javoban aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etmagan (shu jumladan, aniqlashtirilgan talabnomadan keyin), aniqlangan tafovutlar bo‘yicha asos keltirmagan yoki taqdim qilingan asosnomalar yetarli emas deb topilgan yuqori darajadagi tavakkalchilik (soliq xavfi) toifasiga mansub bo‘lgan;

ixtiyoriy tugatilayotgan;

jinoiy ish qo‘zg‘atilgan;

avval o‘tkazilgan soliq auditi chog‘ida soliq organiga ma'lum bo‘lmagan yangi holatlar aniqlangan. 
 
Soliq auditi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari tomonidan o‘z hududida soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan soliq to‘lovchilarda;

yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tomonidan yirik soliq to‘lovchilarda;

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan yuqori darajadagi tavakkalchilik (soliq xavfi) toifasiga mansub bo‘lgan soliq to‘lovchilarda o‘tkaziladi.
 
Nizomda nazarda tutilishicha, soliq auditi:

soliq organining buyrug‘iga asosan o‘tkaziladi, unda quyidagilar ko‘rsatiladi: soliq auditi o‘tkazish uchun asoslar, soliq to‘lovchining nomi va STIRi, soliq auditini o‘tkazuvchi shaxslarning F.I.O. va lavozimi, soliq auditini o‘tkazish muddati va uning maqsadi. Bir vaqtning o‘zida soliq auditini o‘tkazish dasturi ham tasdiqlanadi;

soliq organi soliq to‘lovchiga soliq auditi o‘tkazilishi to‘g‘risida xabarnoma yuborganidan keyin 30 kalendar kun o‘tgach o‘tkazilishi mumkin;

soliq to‘lovchiga (soliq agentiga) soliq auditini tayinlash to‘g‘risidagi buyruq topshirilgan kunda boshlanadi;

o‘tkazilgan soliq auditi to‘g‘risida dalolatnoma imzolangan kunda tugaydi;

30 ish kunidan ortiq davom etishi mumkin emas. Soliq auditini o‘tkazish muddati SK 142-moddasiga muvofiq uzaytirilishi mumkin;

faqat da'vo qilish muddati o‘tmagan oxirgi soliq auditidan keyingi davrni qamrab oladi;

soliq to‘lovchida aynan bitta davr uchun aynan bir xil soliqlar bo‘yicha bir martadan ortiq o‘tkazilmaydi, bundan soliq auditini o‘tkazish chog‘ida soliq organiga ma'lum bo‘lmagan yangi holatlar aniqlangan hollar mustasno;

soliq to‘lovchining Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi to‘ldirilganidan so‘ng o‘tkaziladi.
 
Soliq auditi natijalari tekshiruv tamomlangandan keyin 3 kun ichida Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimiga kiritiladi.
 
Nizomda quyidagilarni amalga oshirish tartibi belgilangan:

soliq organi tomonidan soliq auditini o‘tkazish doirasida, auditni o‘tkazishdan oldin soliq to‘lovchiga hujjatlarni yuborish;

soliq auditini tayinlash;

soliq auditini tashkil etish va o‘tkazish;

tugatilayotgan soliq to‘lovchilarda soliq auditini o‘tkazish;

hudud va binolarni ko‘zdan kechirish;

tekshirilayotgan soliq to‘lovchidan hujjatlarni talab qilib olish;

uchinchi shaxslardan hujjatlarni (axborotni) talab qilib olish;

hujjatlarni va elektron axborot jismlarini olib qo‘yish.
 
Hujjatda soliq auditining ishtirokchilari ham sanab o‘tilgan va soliq auditi natijalarini rasmiylashtirish tartibi ko‘rsatilgan. 
 
Hujjat 30.06.2020 yildan kuchga kirgan.

Mavzuga oid