Jahon | 11:40 / 26.07.2020
7667
2 daqiqa o‘qiladi

Sietlda namoyishchilar isyonchilar deb e'lon qilindi, o‘nlab odamlar qo‘lga olindi

Vashington shtatidagi Sietl shahri politsiyasi shahardagi tartibsizliklarni isyon deb baholadi. Bu haqda politsiyaning tvitterdagi sahifasida yozilgan.

© RIA Novosti / Zak Vilkinson

Huquq muhofazachilari namoyishchilar shaharda voyaga yetmagan jinoyatchilarni saqlash uchun qurilayotgan markaz hududida quruvchilarning vagonlariga o‘t qo‘yishayotgani, shuningdek, politsiya mahkamasiga bostirib kirishga urinishganini ma'lum qilgan. Ular politsiyachilarga toshlar, butilkalar va portlovchi moddalar uloqtirishgan, bino derazalarini sindirishgan. Huquq-tartibot organlari xodimlaridan kamida 21 nafari jarohatlangan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, tartibsizliklar ishtirokchilaridan 45 kishi qo‘lga olingan.

«Qo‘poruvchilik ishlari va jamoatchilikka tahdid saqlanib qolayotgani tufayli Sietl politsiyasi ularni isyonchilar deb e'lon qiladi <…> Ommaviy ravishda qo‘lga olish ishlari o‘tkazildi. Zobitlar namoyishchilarni tarqatish ishlarini davom ettirmoqda», deyiladi politsiya ma'lumotida. Namoyishchilarga nisbatan o‘qotar qurollar qo‘llanmayotgani ta'kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, may oyi oxirida Minneapolis shahrida afroamerikalik Jorj Floyd politsiyachilar qo‘lida halok bo‘lgach, AQShni namoyishlar to‘lqini qamrab oldi. O‘shanda politsiyachilardan biri gumonlanuvchini yerga yotqizib, unga nisbatan qiynoq usulini qo‘llagandi va gumonlanuvchi bo‘g‘ilib jon bergandi. Avvaliga ushbu hodisa joyida bo‘lgan 4 nafar politsiyachi ishdan olindi, keyinroq ulardan biri qotillikda ayblanib, qolgan uch nafari unga hamkorlik qilishda ayblanib qo‘lga olindi. Ammo bular namoyishchilarni qanoatlantirmadi.

Mavzuga oid