Jahon | 07:37 / 29.07.2020
119776
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda koronavirusga qarshi vaksina qancha turishi mumkinligi ma'lum qilindi 

AQShning koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqish ustida ish olib borayotgan Moderna kompaniyasi o‘z vaksinasi bilan emlash kursi uchun 50-60 dollar narx o‘rnatmoqchi. Bu haqda kompaniyaning xaridorlar bilan olib borayotgan muzokaralariga yaqin manbalarga tayanib Financial Times nashri xabar berdi.    

Foto: AFP

Emlash kursi ikki doza vaksina kiritishdan iborat bo‘lgani sababli bir doza vaksina narxi 25-30 dollar turadi. Nashrning ma'lumotlariga ko‘ra, bunday narx AQSh va aholisi yuqori daromadga ega boshqa davlatlar uchun o‘rnatilishi taxmin qilinmoqda

Biroq vaksinani ishlab chiqish ustida ishlayotgan boshqa kompaniyalar o‘z vositalarini ancha arzonroq sotishni rejalashtirmoqda. Misol uchun, o‘tgan hafta AQSh hukumati bilan 100 mln doza vaksina yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishgan AQShning Pfizer va Germaniyaning BioNTtech kompaniyalari o‘z vaksinalarini 19,5 dollarga, AstraZeneca britan-shved kompaniyasi esa 3-4 dollarga baholagan.

Nashr manbalaridan birining ta'kidlashicha, Moderna so‘rayotgan narx “boshqa ishlab chiqaruvchilar vaksina uchun ancha arzon narx va'da qilayotganlari sababli muzokaralar olib borishda qiyinchiliklar tug‘dirmoqda”. Nashrda aytilishicha, shu sababli vaksina uchun 50-60 dollarlik narx yakuniy bo‘lmaydi.

Bu orada Moderna kompaniyasi 27 iyulda o‘z vaksinasi klinik sinovlarining uchinchi bosqichiga o‘tishini ma'lum qildi. Ushbu bosqichda butun AQSh bo‘ylab 30 mingga yaqin ko‘ngilli ishtirok etadi. Associated Press axborot agentligining ma'lum qilishicha, bu sinov ishtirok etuvchilar soni bo‘yicha dunyodagi eng yirigi bo‘ladi. 

Mavzuga oid