Jahon | 08:01 / 13.08.2020
6196
2 daqiqa o‘qiladi

Bayrutdagi portlash 4 mingga yaqin uyga talafot yetkazgan

Livan ichki xavfsizlik boshqarmasi Bayrut portidagi kuchli portlashdan keyin shahardagi turar-joy fondiga yetkazilgan zararning dastlabki baholanishi bo‘yicha ma'lumotlarni e'lon qildi. Ularga ko‘ra, Livan poytaxtidagi portlash 3972 binoning butkul yoki qisman vayron bo‘lishiga hamda 4214 avtomobilga zarar yetishiga olib kelgan. 

Foto: AFP

Huquq-tartibot idoralari shikastlangan binolar joylashgan hududlarda marodyorlik bilan shug‘ullangan 40 kishi qo‘lga olingach, bu hududlarga jandarmeriyaning qo‘shimcha kuchlarini jo‘natgan

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Sharqiy O‘rta yer dengizi mintaqasi direktori Richard Brennan ma'lumotlariga ko‘ra, Bayrutda 50 foizdan ko‘proq shifoxona va tibbiy markazlar yaroqsiz holga kelgan. Bayrut meriyasidagi inqiroz shtabi a'zosi Xoda Kustaning ma'lum qilishicha, uchta yirik gospitalga eng ko‘p talafot yetgan. Eng jiddiy talafotlar Bayrutning nasroniy qismidagi Jumayzi va Mar-Mikael dahalarida qayd qilingan. Ayni vaqtda aynan shu hududlarda vayronalarni tozalash bilan shug‘ullanayotgan ko‘ngillilarning asosiy kuchlari mujassamlashgan.

4 avgustda yuz bergan portlashdan shaharga yetgan zarar 15 mlrd dollardan ko‘proqqa baholanmoqda. Bunday ma'lumotlarni mamlakat prezidenti Mishel Aun Ispaniya qiroli Filipp VI bilan suhbatda keltirib o‘tgan.

Ispaniya qiroli suhbat vaqtida fojia yuzasidan Livan xalqiga hamdardlik bildirgan hamda yordam berishga tayyorligini ma'lum qilgan.

Ayni vaqtda sug‘urta kompaniyalari portlashdan zararni 3 mlrd dollarga baholamoqda. Avvalroq Bayrut Gubernatori Maron Abbud shaharni tiklash uchun 12-15 mlrd dollar talab etilishini aytgan. 

Bayrutdagi portlashga portdagi ta'mirlash ishlari vaqtida u yerdagi omborlardan birida saqlangan 2,7 ming tonnadan ko‘proq ammiak selitrasiga o‘t ketishi olib kelgan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida 171 kishi halok bo‘lgan, 6 mingga yaqin kishi yaralangan, o‘nlab kishilar bedarak yo‘qolgan. 

Mavzuga oid