O‘zbekiston | 20:05 / 21.08.2020
12097
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Bektemir tumani faollari bilan uchrashdi

Bektemir tumani Toshkent shahri sanoatining 10 foizini ta'minlaydi. Joriy yilning o‘tgan davrida bu yerda sanoat mahsuloti 9 foizga, xizmat ko‘rsatish 8 foizga, eksport 11 foizga o‘sgan.

Uchrashuvda tumanda yangi «o‘sish nuqtalari»ni topish va aholi hayotini yaxshilash borasidagi rejalar aytib o‘tildi.

Masalan, Bektemir tumaniga Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlaridan jami 1 ming 639 gektar yer o‘tkaziladi. Natijada tuman hududi 3 ming 472 gektarga yetadi. Buning hisobiga yangi sanoat va xizmat ko‘rsatish obektlari barpo etish, minglab ish o‘rinlari ochish imkoniyati yaratiladi.

Yaqin uch yilda tumanda umumiy qiymati 3,3 trillion so‘mlik 61 investitsiya loyihasi amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, joriy yilda 52 ta shunday loyiha ishga tushirilib, 2 ming 700 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.

Tumanda ishsizlik darajasi 3,3 foiz, shu jumladan, ayollar orasida 1,7 foiz, yoshlar o‘rtasida 1,5 foiz ekani qayd etildi. Maktabgacha ta'lim muassasalari yetishmasligi, qator mahallalarda ichki yo‘llar holatining yomonligi, kommunal tizimlarda ham kamchiliklar borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yoshlar va xotin-qizlar bandligini oshirish, kambag‘allikni kamaytirish, uy-joyga muhtoj oilalarga uy ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Xizmat ko‘rsatish sohasini keskin rivojlantirish, yangi ijtimoiy obektlar barpo etish, kommunal tarmoqlarni qurish va ta'mirlash, uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Davlat rahbari mahalla raislari, yoshlar yetakchilari bilan muloqot qildi.

 

Mavzuga oid