Jahon | 10:24 / 22.08.2020
11247
2 daqiqa o‘qiladi

Navalniy samolyotda Germaniyaga olib ketildi

Foto: Aleksandr Kryajyev / RIA Novosti

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy tibbiy samolyotda Omskdan Germaniyaga olib ketildi. U og‘ir ahvolda shifoxonada yotgan edi.

TASS xabariga ko‘ra, parvoz 5 soat davom etadi. Berlindagi «Sharite» klinikasi shifokorlari uning tashxisi va davolanishi bilan shug‘ullanishadi. Hozirgi vaqtda uning ahvoli barqaror og‘irligicha qolmoqda.

Aleksey Navalniy 20 avgust kuni zaharlanish taxmini bilan Omsk shahrida reanimatsiyaga yotqizildi. Tomskdan Moskvaga samolyotda qaytayotgan siyosatchi parvoz davomida o‘zini yomon his qila boshlagan. Natijada samolyot Omsk shahriga favqulodda qo‘ndi va u shifoxonaga olib ketildi.

Navalniyning matbuot-kotibi Kira Yarmish uning ertalab faqat choy ichganini, unga biror narsa qo‘shib, zaharlashga uringan bo‘lishlari mumkinligini taxmin qildi. 

Reanimatsiyada siyosatchi koma holatiga tushib qoldi va o‘pkani sun'iy shamollatish apparatiga ulandi. 

Rossiyalik shifokorlar tahlillardan so‘ng, uning zaharlangani haqidagi taxminni inkor qilishdi va «moddalar almashinuvi buzilgan» degan tashxisni qo‘yishdi.

21 avgust kuni uni olib ketish uchun Nyurnbergdan Omskka tibbiy samolyot uchib keldi. Kreml uning xorijda davolanishiga hech qanday to‘siq yo‘qligini aytsa-da, shifokorlar bemorni olib ketishga ruxsat berishmadi. Bir necha soat davom etgan muzokaralardan so‘ng, Navalniy oila a'zolari bilan Germaniyaga olib ketildi.

Mavzuga oid