Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Messi «Barselona»dan ketmoqchi. Bu safar jiddiy
«Barselona» afsonasi, argentinalik hujumchi Lionel Messi qariyb butun futbolchilik faoliyati o‘tkazgan klubidan ketishga qaror qildi. Kataloniyaliklar klubi ushbu munosabat bilan shoshilinch yig‘ilish chaqirdi.
Nima bo‘ldi
Bu safar barchasi jiddiy ko‘rinish olgan. Dastlab TyC Spors nashri, «Barselona» futbolchisi Lionel Messi klub bilan shartnomasini bekor qilishga qaror qilgani haqida yozdi. Manba ma'lumotiga ko‘ra, 33 yoshli futbolchi klubga faks orqali o‘zining ketish istagini bildirib, so‘rov yuborgan. Bu safar forvard kataloniyaliklar jamoasi safini tark etishga qat'iy qaror qilgan va shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilmoqchi.
Messi shartnomada belgilangan maxsus banddan foydalanmoqchi, unga ko‘ra futbolchi istalgan mavsum yakunida «Barselona» bilan shartnomani bekor qilish huquqiga egaligi belgilangan.
«Barselona»ning reaksiyasi
Ko‘p o‘tmay AP nashri «Barselona» Messi rahbariyatga klubni tark etish istagi haqida ma'lum qilganini tasdiqladi. Ammo klub rahbariyati argentinalik futbolchini fikridan qaytishga ko‘ndirish niyatida. Onda Cero ma'lumotiga ko‘ra, klub ushbu masalani muhokama qilish uchun direktorlar kengashining shoshilinch yig‘ilishini chaqirgan. «Barselona»dagilar jamoa sardori klubni erkin agent maqomida tark etishini istashmayapti.
Lekin bu masalada chigallik bor, shartnomaga ko‘ra Leo kelishuvni 2020 yil iyuliga qadar buzishi mumkin bo‘lgan. Ammo mavsum yakuni koronavirus tufayli ortga surilgan, shu tufayli Messi ushbu punktni hozir ishga tushirmoqchi.
Jamoatchilik reaksiyasi
«Barselona»ning sobiq futbolchisi Karles Puyol Messi haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.
«Hurmatim va hayratim, Leo. Seni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman», — deya yozgan Puyol tvitterdagi sahifasida.
Respeto y admiración, Leo. Todo mi apoyo, amigo.
— Carles Puyol (@Carles5puyol) August 25, 2020
Uning tvitiga Luis Suares qarsaklar belgisi bilan javob yozgan.
Kataloniya prezidenti ham Messi bilan xayrlashgan.
«Kataloniya hamisha sening uying bo‘lib qoladi. Baxtiyor damlar va aql bovar qilmas o‘yinlar uchun katta rahmat. Olijanob sportchi va dunyodagi eng buyuk futbolchi», deya yozgan u.
Angliyalik sobiq futbolchi Gari Lineker Messining «Barselona»dan ketish qarorini quyidagicha izohladi.
«Agar Messi shartnomadagi bandni ishga tushirib «Barselona»dan ketmoqchi bo‘lsa, umid qilamanki, klub unga xalal bermasdan, balki yordam beradi. Messi «Barselona»ga sodiq edi, klub tarixidagi eng buyuk futbolchi. Agar barchasi futbolchi va va klub o‘rtasidagi jangga aylanib ketsa, bu juda qayg‘uli bo‘lardi», — degan Lineker tvitterida.
If Messi is to leave @FCBarcelona by activating a release clause, then I hope the club try to help, not hinder him. He’s been fiercely loyal and their greatest ever player. It would be terribly sad if it finished with a fight between the player and the club.
— Gary Lineker (@GaryLineker) August 25, 2020
«Barselona» va «Real» klublarining sobiq futbolchisi Luish Figu ham bee'tibor qolmagan.
«Vau! Yana bir tarixiy lahza!» — deya yozgan Figu tvitterida.
«Barselona» Messi bilan sudlashishga tayyor
«Barselona» argentinalik futbolchisini osonlik bilan qo‘yib yubormoqchi emas. Jurnalist Veronika Brunatining yozishicha, kataloniyaliklar klubi futbolchi uchun 700 mln yevro talab qilishda davom etadi. Agar Messi shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilishga urinsa, «Barselona» u bilan sudlashishga tayyor.
The Telegraph xabariga ko‘ra, «Barselona» Messi tomonidan klubga yuborilgan so‘rovda, o‘zini tekinga qo‘yib yuborishlarini so‘raganiini ma'lum qilgan.
Shu bilan birga, klubdagilar ushbu bandni ishga tushirish muddati iyun oyida yakunlanganini ta'kidlab, yuridik yo‘l tutmoqchi.
Buyog‘iga nima bo‘ladi
Argentinalik futbolchi qayerga ketmoqchiligi hozircha ma'lum emas. ESPN nashri ma'lumotiga ko‘ra, «Manchester Siti» ushbu futbolchi transferiga jiddiy ravishda qiziqmoqda. Manba ma'lumotiga ko‘ra, «shaharliklar» ayni vaqtda 33 yoshli futbolchining shartnomasida ko‘rsatilgan 700 million yevro miqdoridagi badal pulini to‘lamoqchi emas, ammo transfer masalasida katalonlar klubi bilan muzokara o‘tkazmoqchi. Avvalroq ushbu yulduzli forvardga Italiyaning «Inter», Fransiyaning «PSJ» va Angliyaning «Manchester Yunayted» klublari ham qiziqayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Messi ketmoqchiligi haqidagi xabarlar ortidan taniqlik insayder Fabritsio Romano «Chelsi» ham Messi va «Barselona» o‘rtasidagi vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatayotgani haqida yozdi.
Angliyalik yana bir sobiq futbolchi va ayni vaqtda futbol eksperti hisoblangan Rio Ferdinand «Chelsi» bosh murabbiyi Frenk Lempardning Messiga qiziqishi haqida yozgan.
Just heard Frank Lampard is now in for #messi
— Rio Ferdinand (@rioferdy5) August 25, 2020
Some window this if Lamps pulls this off !!
Messi Instagramda «Manchester Siti»ning sahifasiga obuna bo‘lgan.
Deportes Cuatro'ning yozishicha, «Barselona»ning yangi bosh murabbiyi, niderlandiyalik mutaxassis Ronald Kuman Messi bilan suhbatda o‘zining qattiqqo‘l ekanligini, kiyinish xonasida hech kim imtiyozlarga ega bo‘lmasligini aytgan. Ta'kidlanishicha, uchrashuv keskin ruhda o‘tgan.
Messi Kumandan bunday xatti-harakatlarni kutmagan va undan norozi bo‘lgan. Shu bilan birga, murabbiy argentinalikni «Barselona»ning asosiy futbolchilaridan biri deb hisoblashini ma'lum qilgan.
Uchrashuvdan keyin OAVda ushbu uchrashuv tafsilotlari chiqib ketgani Messini qattiq darg‘azab qilgan.
- Messi «Barselona» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U katalonlar klubi safida barcha turnirlar doirasida 731 o‘yinda maydonga tushib, 634 gol urgan va 285 golga uzatma bergan. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2021 yil yoziga qadar tuzilgandi.
Mavzuga oid
20:37 / 16.05.2026
Levandovski «Barselona»ni tark etishini e’lon qildi
02:34 / 11.05.2026
"Barselona" "Real" bilan o‘yinda Ispaniya chempioniga aylandi. Bunaqasi ilk bor ro‘y berdi
20:32 / 10.05.2026
“Barselona” bosh murabbiyining otasi “El Klasiko” kunida vafot etdi
11:26 / 03.05.2026