O‘zbekiston | 16:10 / 02.09.2020
69686
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda texnikumlar qayta ochildi. Ularning kollejlardan farqi nimada?

Ayni kunlarda O‘zbekistonda 185ta texnikumga qabul jarayonlari davom etmoqda. Kun.uz muxbiri texnikumlarning kasb-hunar kollejlaridan farqi, ularda o‘qish qanday imkoniyatlar berishi haqida ma'lumot olish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan bog‘landi.

Foto: O‘zA

Vazirlik ma'lumotiga ko‘ra, texnikumlarga «hayot davomida ta'lim olish» prinsipi asosida kamida umumiy o‘rta ma'lumotga ega, ya'ni maktabning 11-sinfini tamomlagan fuqarolar qabul qilinadi.

Texnikumda o‘qish muddati, kollejlardagi kabi, kamida 2 yilni tashkil etadi. O‘qish davomiyligi kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqib belgilanadi.

Texnikumlarda ta'lim kunduzgi, kechki va sirtqi shakllarda, davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Qabul davom etmoqda. Imtihonlarni DTM oladi

2020/21 o‘quv yili uchun texnikumlarga faqat kunduzgi ta'lim shakli uchun qabul e'lon qilingan. Qabul 25 avgustda boshlangan va 25 sentyabrga qadar davom etadi. Talabgor texnikum.edu.uz platformasi orqali quyidagi hujjatlarni topshirishi kerak:

  • elektron ariza;
  • umumta'lim maktabining 11-sinfni tugatganini tasdiqlovchi attestat (elektron) nusxasi yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'lim muassasasini tamomlaganligi to‘g‘risidagi diplom (elektron) nusxasi;
  • 3x4 fotosurat.

Texnikumlar uchun imtihonlarni Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilishi bo‘yicha tartib va takliflar Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan, tez kunlarda tasdiqlanishi kutilmoqda.

Kollejlardan farqi nima?

Texnikumlarning kollejlardan birinchi farqi shuki, ularda kadrlar tayyorlash Xalqaro standart tasniflagichning kamida 5-darajasiga (kollejlarda esa 4-daraja) mos ta'lim dasturlari asosida amalga oshiriladi.

Keyingi farq – texnikumda o‘rta maxsus ta'lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali OTMda 2-kursdan o‘qishni davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi. Bu – O‘zbekiston ta'lim tizimi uchun avval kuzatilmagan yangilikdir.

Uchinchi asosiy farq tashkiliy jihat bilan bog‘liq: texnikumlar OTMlar huzurida tashkil etilgan, kollejlar esa vazirlik va idoralar huzurida faoliyat yuritadi.

Kontrakt asosida ham o‘qish mumkin

Grant asosida 185ta texnikumga 9 199 nafar, kontrakt asosida 168ta texnikumga 60 849 nafar o‘quvchi qabul qilinadi.

Kontrakt miqdori hozircha noma'lum. Narx har yili o‘qitishning shakllanayotgan jami xarajatlaridan kelib chiqib belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Texnikumlar ro‘yxati va ularga grant asosidagi qabul kvotalari bilan mazkur havoladagi faylni yuklab olish orqali tanishish mumkin.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid