Jamiyat | 00:10 / 05.09.2020
93477
4 daqiqa o‘qiladi

3 sentyabrdagi test sinovlari natijalari e'lon qilindi

OTMlarga kirish uchun 3 sentabr kuni test topshirgan abituriyentlarning imtihon natijalari e'lon qilindi.

Davlat test markazi 3 sentabr kungi sinovlar bo‘yicha axborot berdi.

«Respublikadagi 65ta obektda (48 ta stadion va 17 ta xiyobonda) test sinovlari 1-smenada soat 08:00da boshlanib, 11:00da tugadi va 2-smenada 17:00da boshlanib, 20:00da tugadi.

Namangan viloyatida ob-havo tufayli 2-smenada imtihon soat 18:30 da boshlanib, 21:30 da tugadi.

Test sinovlarida bir kunda ishtirok etishi rejalashtirilgan 117 919 nafar abituriyentdan 112 103 nafari – 95,1 % qatnashdi.

6 nafar abituriyentning tana harorati 37 ⁰C dan yuqori bo‘lgani sababli ularga ishtirok etishga ruxsat berilmadi.

Jami 5 695 nafar abituriyent test sinoviga kelmadi.

40 nafar abituriyent hududga kirish joyida: 28 nafari telefon, 3 nafari shpargalka, 9 nafari boshqa abituriyent o‘rniga kirmoqchi bo‘lgani uchun chetlatildi.

75 nafar abituriyent imtihon jarayonida: 62 nafari telefon va elektron qurilmalar, 7 nafari shpargalka, 4 nafari test materiallarini olib chiqib ketishga harakat qilgani, 2 nafari boshqa shaxsning o‘rniga kirgani uchun chetlatildi.

Namangan, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida boshqa abituriyent o‘rniga kirmoqchi bo‘lgan 6 nafar «soxta abituriyentlar» jarayondan chetlatilib, Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan belgilangan tartibda choralar ko‘rildi.

Test sinovlarini o‘tkazish jarayonida hech qanday ko‘ngilsiz hodisalar ro‘y bermadi», – deyiladi DTM axborotida.

Ayni paytga kelib, abituriyentlar Davlat test markazi saytidagi shaxsiy kabinetiga kirish orqali qancha ball to‘plaganini bilishlari mumkin.

Test natijalarini qanday bilish mumkin?

Abituriyentlar o‘z natijasini bilish uchun ruxsatnomasining pastki o‘ng burchagida QR kod ostiga maxsus havola (link) ochib, test natijasi ko‘rishi mumkin.

QR kodni qanday o‘qish mumkin?

1) Hozirgi zamonaviy smartfonlarning deyarli barchasida QR kodni o‘qish uchun telefon kamerasining o‘zi kifoya qiladi. Alohida qanaqadir dastur o‘rnatish shart emas. Shunchaki telefon kamerasini yoqing va abituriyent ruxsatnomasining pastki qismidagi QR kod ustiga kamerani olib boring. Shunda telefon ekranida yozuv paydo bo‘ladi va abitur.dtm.uz saytidagi maxsus uzun havola chiqib keladi. O‘sha havolani brauzer orqali ochsangiz, natijani ko‘rish mumkin bo‘ladi.

2) Agar mabodo telefoningiz kamerasini QR kod ustiga olib borganingizda ekranda hech qanday o‘zgarish bo‘lmasa, unda QR kod o‘qiydigan maxsus ilova yuklab olishingiz kerak bo‘ladi. Masalan, mana dasturni yuklab olish mumkin.

Talabgorlar o‘qishga qabul qilinish uchun tavsiya etilgan yoki etilmaganini barcha imtihonlar tugaganidan so‘ng, 1 hafta o‘tib ma'lum bo‘ladi.

Ma'lumot uchun, bu yil 1,4 mln abituriyent hujjat topshirgan. Bakalavriatning kunduzgi shakliga 103 575 nafar, sirtqi shakliga 31 350 nafar, kechki shakliga 5 025 nafar talaba qabul qilinadi.

Mavzuga oid