O‘zbekiston | 13:42 / 08.09.2020
6849
2 daqiqa o‘qiladi

Magistratura imtihoni natijasini talabgor birdaniga bilib chiqishi mumkin - vazirlik

Bugun, 8 sentabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov magistratura imtihonlarini tashkillashtirish bo‘yicha savollarga javob berdi.

«Magistratura imtihonlari respublikaning 13 hududida 19ta katta obektda o‘tkazilmoqda. Imtihonlar veb-kameralar orqali kuzatilmoqda, jarayon huquq tartibot organlari tomonidan nazorat qilinyapti.

Imtihonda tartib-qoidalarga bo‘ysunmagan abituriyentlar test jarayonidan chetlatiladi va ularning natijasi hisoblanmaydi. Shuning uchun magisraturaga hujjat topshirganlardan imtihonda qoidalarga amal qilishlari, testga faqat pasport va ruxsatnoma bilan borishlari so‘raladi. Ular imtihondan keyin o‘z natijalarini birdaniga bilib olishlari ham mumkin bo‘ladi», dedi Abduvali Xoliqov.

Vazirlik rasmiysining qayd etishicha, magistratura savollari bir xil yo‘nalish abituriyentlari uchun umumiy tuzilgan bo‘lsa-da, ular takrorlanmaydi. Chunki savollar bazasi shakllantirilgan va dastur testlarning integratsiyasini ta'minlab beradi. Testlar esa bir necha OTM va turli mutaxassislar tomonidan tuzilgan.

Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, Toshkent davlat yuridik universiteti va Jahon iqtisodiyati va diplomatiyasi universiteti magistraturasiga imtihonlarni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tashkillashtirilmaydi.

Bu OTMlarga hujjat topshirgan talabalar uchun imtihonda ishtirok etish uchun ruxsatnoma ham chiqarilmagan. Ular o‘sha OTMga tegishli vazirlikka murojaat qilib imtihonga aniqlik kiritishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, bugundan magistratura imtihonlari boshlandi, imtihonlar 20 sentyabrgacha davom etadi.