Iqtisodiyot | 15:32 / 10.09.2020
13223
3 daqiqa o‘qiladi

Mamarizo Nurmuratov inflatsiya pasayishiga sabab bo‘layotgan omillarni sanab o‘tdi

Markaziy bank O‘zbekistonda inflatsiya darajasi joriy yilning yanvar-avgust oylari davomida 2019 yil yakunidagi yillik 15,2 foizdan 11,6 foizgacha sekinlashgani haqida ma'lum qildi.

Inflatsiya darajasi joriy yilning yanvar-avgust oylari davomida 2019 yil yakunidagi yillik 15,2 foizdan 11,6 foizgacha sekinlashdi va inflatsiyaning maqsadli trayektoriyasidan past bo‘ldi. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov inflatsiya pasayishiga olib kelayotgan omillarni sanab o‘tdi.

«Eng avvalo, davlat tomonidan tartibga solinadigan narxlarning o‘zgarishsiz qolgani. Yil boshidagi prognozimizda tartibga solinadigan narxlar erkinlashtirilishi mumkinligini ham inobatga olgan edik. Pandemiya sababli bu amalga oshmasligiga guvoh bo‘lib turibmiz. Bu esa inflatsiya pasayishiga omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Yana bir omil – karantin cheklovlari ichki talabga, aholi daromadlari va bandlik darajasiga pasaytiruvchi ta'sir ko‘rsatdi. O‘z-o‘zidan bu kelgusida inflatsiya keskin oshib ketishiga imkon bermaydigan holat deb hisoblanmoqda.

Keyingi omil – meva-sabzavotlar va poliz ekinlari narxlarining mavsumiy pasayishi.

Monetar omillardan inflatsiya pasayishiga olib kelayotgan yana bir narsa – iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalarining o‘tgan yilgiga nisbatan sekinlashishi.

Shuningdek, valuta kursidagi tebranishlar o‘tgan yilgiga qaraganda pastroq bo‘ldi. Aprel oyidagi devalvatsiyadan keyin kurs barqarorlashmoqda.

Agar shakllangan inflatsiyaga monetar omillar nuqtayi nazaridan qaraydigan bo‘lsak, eng avvalo iqtisodiyotda pul taklifining o‘sishiga olib keluvchi omillar, ya'ni kreditlarning o‘sishi, iqtisodiyotga qo‘shimcha likvidlik chiqarilishi sur'atlari bu yil birmuncha sekinlashdi.

Fiskal tadbirlardan, pandemiya sharoitida iqtisodiyotni rag‘batlantirish va aholi salomatligini saqlashga yo‘naltirilgan davlat mablag‘lari iqtisodiyotda pul massasi oshishiga ta'sir ko‘rsatdi. 2020 yil birinchi yarmida budjet taqchilligi 9,7 trillion so‘m atrofida bo‘ldi, o‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 1,5 trillion atrofida edi.

Shuningdek, aholining inflatsion kutilmalari pasayayotgani ham muhim omillardan. Biz aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalarini doimiy ravishda o‘rganib boramiz. Avgust oyidagi o‘rganishlar kutilmalar sezilarli pasayayotganini ko‘rsatmoqda. Biroq tan olib ta'kidlashimiz lozim, inflyatsion kutilmalar va amaldagi inflatsiya ko‘rsatkichi o‘rtasidagi farq joriy yil mart oyidan buyon yuqori darajada saqlanib turibdi. Bu bizdan aholining inflyatsion kutilmalari bo‘yicha qilayotgan ishlarimizni faollashtirishni taqozo qiladi», – dedi Mamarizo Nurmuratov 10 sentabr kungi matbuot anjumanida.

Eslatib o‘tamiz, bugun Markaziy markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 15 foizdan 14 foizga tushirish haqida qaror qabul qildi.

Mavzuga oid