Light | 12:21 / 20.09.2020
46585
9 daqiqa o‘qiladi

Salomatlikning muntazam nazorat qilish zarur bo‘lgan 9 ko‘rsatkichi

Kelajakdagi o‘zingizni muammolardan asrashingiz va hattoki hayotingizni saqlab qolishingiz mumkin. Buning uchun quyidagi ko‘rsatkichlarni muntazam kuzatib borish zarur.

1. Arterial qon bosimi
Bu ko‘rsatkich har bir organizm uchun individual. Lekin ko‘pchilikka mos keluvchi raqamlar qabul qilingan. 120/80 va undan quyi bosim me'yor hisoblanadi. Agar yuqori ko‘rsatkich (sistolik bosim) 120dan 129gacha diapazonda bo‘lsa, demak, qon bosimi ko‘tarilgan. E'tibor qaratish zarurki, u ko‘pincha ateroskleroz, yurak xuruji va insult rivojlanishi xavfi bilan bog‘liq bo‘lgan gipertoniyaga aylanadi.

Gipertoniyaning dastlabki bosqichlarida hech qanday alomat kuzatilmaydi, shu sababli o‘zgarishlarni vaqtida payqash uchun qon bosimini muntazam ravishda o‘lchab turish muhimdir. Agar u yuqori holatda qolsa, shifokorga borishni ortga surmang. Agar siz yoki yaqiningizda qon bosimi 180/120ga ko‘tarilsa va ko‘krak qafasida og‘riqlar, nafas olish qiyinlashishi, uyqusizlik, holsizlik, ko‘rish yoki nutq bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelsa, darhol tibbiy yordamga murojaat qiling.

II, III va IV qon guruhiga mansub odamlar qon bosimiga e'tiborli bo‘lishi kerak. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, ushbu guruhlar yurak-qon tomir kasalliklarining yuqori xavfi bilan aloqador. Bunga qo‘shimcha ravishda, boshqa holatlarda, masalan, qon quyish zarurati yuzaga kelganda buni bilish muhimdir.

2. Xolesterin darajasi
Xolesterin organizmda hujayralar yaratilishi va boshqa muhim jarayonlar uchun zarur hisoblanadi, ammo uning me'yordan ortib ketishi xavflidir. Arteriya devorlarida xolesterin tangachalari shakllanishi va bu o‘z navbatida aterosklerozga olib kelishi mumkin.

Xolesterin darajasini tekshirish uchun bir yilda bir marta tahlil topshiriladi. «Yomon» (LPNP) va «yaxshi» (LPVP) xolesterin tarkibini nazorat qiling. «Yomon» xolesterin 2,6 mmol/l (100 mg/dl)dan oshmasligi kerak, «yaxshisi» esa— 1 mmol/l (40 mg/dl)dan kam bo‘lmasligi kerak.

3. Triglitseridlar (glitserin bilan bir asosli yog‘ kislotalari) darajasi
Bu yurak qon-tomir kasalliklari rivojlanishi xavfini kuzatish chog‘ida e'tiborga olish zarur bo‘lgan uchinchi omil hisoblanadi. Triglitseridlar, «yomon» xolesterinlar kabi, arteriyalarda tangachalar hosil bo‘lishi va ateroskleroz yuzaga kelishi xavfi bilan aloqador. Shu sababli ham muntazam tekshiruvlardan o‘tish va shifokor maslahatini olish tavsiya etiladi.

Aksariyat hollarda buni har besh yilda bir marta takrorlash zarur, ammo siz yoki qarindoshlaringizda diabet yoki yurak bilan bog‘liq muammolar kuzatilsa, ushbu ko‘rsatkichni nisbatan ko‘proq tekshirish talab etiladi.

4. Qalqonsimon bez gormonlari darajasi
Ular organizmning ko‘plab tizimlari, shu jumladan, moddalar almashinuviga o‘z ta'sirini o‘tkazadi. Agar qalqonsimon bez gormonlari tushib ketsa, turli yoqimsiz alomatlar yuzaga kelishi mumkin: vazn yo‘qotish qiyinligi, kuch yo‘qolishi, ong «xiralashishi», unutuvchanlik, qaltiroq yoki badan uvishishi.

Bundan tashqari, ushbu gormonlar darajasi kamayishi yurak qon-tomir kasalliklari va umuman olganda o‘lim xavfi bilan bog‘lanadi. Shuning uchun bu ko‘rsatkich bir yilda bir marta tahlildan o‘tkazilishi va natija terapevt yoki endokrinolog bilan muhokama qilinishi lozim.

5. Tishlar holati
Parodont (tishlarni o‘rab turuvchi to‘qimalar) kasalligiga chalingan odamlar infarkt va insultdan ko‘proq aziyat chekishadi. Shuningdek, periodontitning ayniqsa chekuvchi insonlardagi diabet kasalligini yomonlashtirib yuborishi haqida dalillar ko‘paymoqda.

Tish toshlari hosil bo‘lishini kamaytirish uchun kuniga ikki marta tishlarini yaxshilab yuvib turish, og‘iz bo‘shlig‘ini chayuvchi vositalar va tish tozalovchi ipdan foydalanishni unutmang, albatta bir yilda bir marta stomatolog qabulida bo‘ling. Diabetga chalingan bemorlar shifokor qabuliga har 3-6 oyda bir marta borishgani ma'qul.

6. Xollar rangi va shakli
Xollar qancha ko‘p bo‘lsa, ulardan birida xavfli shish paydo bo‘lish ehtimoli shuncha yuqori bo‘ladi. Oyiga bir marta o‘zingizni tekshirib, yangi paydo bo‘lgan xollarga, ularning rangi yoki shakli o‘zgarishiga yoki hajmi kattalashishiga e'tibor bering.

Uch hafta ichida tuzalib ketmagan yoki doimiy ravishda qichishadigan, po‘stloq bilan qoplangan yoki qon oquvchi yara yuzaga kelishi bilan hushyor bo‘lish kerak. Agar shunga o‘xshash narsani sezsangiz, darhol dermatologga murojaat qiling.

7. Umurtqa qiyshayishi
Egrilik bor yoki yo‘qligini tekshirish zarur. U hozircha juda kichik va noqulaylik tug‘dirmasligi mumkin, ammo vaqt o‘tishi bilan harakatlanishga jiddiy xalaqit qiluvchi surunkali og‘riq yuzaga kelishi ehtimoli bor.

Yaqinlaringizdan umurtqangizni tekshirib ko‘rishni so‘rang. Egiling va polga cho‘ziling, kuzatuvchi esa ko‘krak qafasining bir tekisligi, son joylashuvi simmetrikligini ko‘zdan kechirsin.

Tik turgan holatda ham simmetriyaga e'tibor bering: ikki yelka va ikki ko‘krak suyagi bir xil darajada bo‘lishi, orqa tomon esa juda yumaloq bo‘lmasligi kerak.

Agar egrilik alomatlari sezilsa, shifokorga murojaat qiling. U umurtqa deformatsiyasining darajasini aniqlaydi va davolash usullarini tanlaydi.

8. Bosh og‘rig‘i intensivligi
Bosh og‘rig‘i yengil darajada bezovtalanishdan to toqat qilib bo‘lmaydigan darajagacha turlanadi. Agar og‘riq boshqa alomatlar bilan birga kuzatilsa, bu jiddiy muammolarga, shu jumladan miya shishi, qon bosimi oshishi yoki insultga ishora qilishi mumkin.

Ular qachon paydo bo‘lishi va qanday davom etishini kuzatishni boshlang. Oddiy daftarga yoki telefondagi maxsus dasturga og‘riqning chastotasi va intensivligini, uning davomiyligi, boshning qaysi sohasi og‘riyotgani, qanday alomatlar hamroh bo‘lishini yozing. Asta-sekin og‘riqni keltirib chiqaruvchi omilni seza boshlaysiz va shu orqali uni kamaytirish uchun turmush tarzingizni o‘zgartirishingiz mumkin.

Agar boshingiz haftasiga bir martadan ko‘proq og‘risa, sababini aniqlash uchun shifokorga murojaat qiling. Agar bosh og‘rig‘i ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish, yuz nervlari falaji, qo‘l yoki oyoqlardagi zaiflik, gapirish yoki nutqni tushunish qobiliyatini yo‘qotish kabi belgilar bilan kechadigan bo‘lsa, darhol tibbiy yordamga murojaat qilish zarur.

9. Qondagi shakar miqdori
Qondagi glyukoza tarkibi oshishi (giperglikemiya) organizmda yallig‘lanishni keltirib chiqaradi va qon tomirlariga zarar yetkazadi. Vaqt o‘tishi bilan bu yurak-qon tomir kasalliklari va boshqa sog‘liq bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkin.

3,5-5,5 mmol/l (60-100 mg/dl) ko‘rsatkichlari me'yor hisoblanadi. 11 mmol/l (200 mg/dl) va undan yuqori daraja diabetning allaqachon ikkinchi tipga o‘tganidan dalolat beradi.

Agar xavf omiliga ega bo‘lsangiz (45 yoshdan oshgan, kamharakat turmush tarzi, ortiqcha vazn, qarindoshlar orasida diabetiklar yoki gipertoniklar mavjudligi), bir yilda uch marta, boshqa holatlarda yiliga bir marta qondagi shakar miqdorini tekshirish uchun tahlil topshiring.

Tahlilni poliklinikada topshirishingiz yoki glyukometr sotib olib, qondagi shakar darajasini uyda tekshirishingiz mumkin. Agar natija 6 mmol/l dan yuqori bo‘lsa, albatta shifokorga murojaat qiling. Bu har qanday yoshdagi odamlarga, shu jumladan bolalarga ham taalluqli.

Unutmang, har qanday kasallikni davolashdan ko‘ra oldini olish ham oson, ham arzon!

Mavzuga oid