Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vazn tashlashning kaliti - taomni zavq bilan yeyishda
Qanday taom yeyishingizgina emas, balki ovqatlanish paytida bu taom haqida qanday fikrda ekanligingiz ham muhim. Aql va tana o‘rtasidagi bog‘liqlik ishtahada aks etadi, chunki nima yeyayotganimiz haqidagi tasavvurimiz miyaning ochlik va to‘qlikni qanday qabul qilishiga ta’sir etadi.
Foto: AP
Agar oldingizda mazali shokolad va uning past kaloriyali, tabiiy shirinlashtirilgan muqobil varianti turgan bo‘lsa, qaysi birini tanlardingiz?
Ko‘pchiligimiz mantiqan ikkinchisini tanlash kerakligini bilamiz, lekin mazali shirinlikdan voz kechish juda qiyin. Shuning uchun vazn tashlashga harakat qilayotgan odamlar uchun parhezni saqlash oson emas.
Bizning organizmimiz energiyaga boy, shirin mahsulotlarni tanlashga moslashgan, bu qisman ilk ajdodlarimiz shunday oziq-ovqatlarga ehtiyoj sezgani bilan bog‘liq. Bunga qo‘shimcha ravishda, atrofimiz yuqori kaloriyali, kuchli qayta ishlangan oziq-ovqatlar bilan to‘la.
“Yuqori darajada qayta ishlangan mahsulotlar xuddi og‘ir rok konsertiga o‘xshaydi. Ular boshqa barcha narsalarni supurib tashlash uchun ishlab chiqarilgan va darhaqiqat, odamlarga meva yoki sabzavotning nozik klassik musiqasini his qilish qiyin”, deydi Michigan universiteti psixologiya professori Eshli Gerhardt.
Biroq tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, sog‘lom vaznni saqlash uchun e’tiborimizni nafaqat qanday taom yeyishga, balki unga bo‘lgan munosabatimizga ham qaratishimiz kerak. Chunki taomdan zavq olish sog‘liq uchun foydali bo‘lishi mumkin.
AQShdagi Stenford universitetining Aliya Kram boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi qiziq tajriba o‘tkazgan. Tajriba qatnashchilariga bir xil milksheyk berilgan, lekin ularning bir qismiga u “shakarsiz va faqat 140 kaloriyali”, boshqalariga esa “620 kaloriyali, juda mazali” deb aytilgan. Aslida esa milksheyk 380 kaloriyali bo‘lgan.
Tajriba ishtirokchilarining gormonal reaksiyasi haqiqiy kaloriya miqdoriga qarab emas, balki ularning nima ichayotganiga ishonishiga qarab o‘zgargan.
Milksheykni “mazali” deb o‘ylagan ishtirokchilarda ochlik gormoni — grelin darajasi ancha tez kamaygan. Bu gormon ishtahani kuchaytiradi va och bo‘lganimizda ko‘payib, to‘q bo‘lgan vaqtimizda kamayadi. Lekin “shakarsiz va past kaloriyali” deb o‘ylagan ishtirokchilarda grelin miqdori unchalik kamaymagan.
Bu esa insonning fikrlashi va kutilmalari organizm reaksiyasiga ta’sir qilishini ko‘rsatadi.
“Agar siz ozgina taom yeb qorningiz to‘yganiga ishonsangiz, tanangiz ham xuddi to‘ygandek javob qaytaradi”, deydi Aliya Kram.
Bu sog‘lom vaznni saqlab turishda muhim ahamiyatga ega, chunki grelin modda almashinuviga ta’sir qiladi. Agar o‘zimizni to‘q his qilmasak va tanamizda modda almashinuvi sekinlashsa, kamroq energiya sarflaymiz. Shuning uchun ovqatdan o‘zini tiyishga qaratilgan fikrlash tarzi sog‘lom vaznni saqlashda samarasiz bo‘lishi mumkin.
"Agar vazn tashlashga harakat qilayotgan va shakar, yog‘ hamda kaloriya iste’molini kamaytirgan bo‘lsangiz, lekin fikrlashingiz shunga mos bo‘lmasa, bu siz kutgandek natija keltirmaydi", deydi u.
Hattoki mahsulot yorlig‘i ham ta’sirga ega ekan. Boshqa bir tadqiqotda ishtirokchilardan “shirali” va “sog‘lom” deb yozilgan yorliq yopishtirilgan proteinli plitkalarni yeb ko‘rish so‘ralgan, ammo har ikki plitkaning ozuqa tarkibi bir xil bo‘lgan. Uchinchi guruh ishtirokchilariga esa faqat plitkaning ko‘rinishini baholash aytilgan.
“Sog‘lom plitka”ni yegan ishtirokchilar o‘zlarini kamroq qoniqqan va ko‘proq och his qilganliklarini aytishgan. Bu esa “sog‘lom” degan yorliq lazzat kutilmasini kamaytirishi mumkinligini ko‘rsatadi, ya’ni sog‘lom deb belgilangan ovqatlar bizni kamroq qoniqtirishi mumkin.
Sog‘lom ovqatlarni ozuqaviy qiymatiga qarab emas, ta’m va lazzatga urg‘u berib belgilash odamlarning bu kabi taomlardan zavq olish ehtimolini oshirishi aniqlangan. Masalan, shokoladli tort kabi lazzatli yegulikni iste’mol qilganda o‘zini aybdordek his qiladigan odamlar vazn tashlashda kamroq natijaga erishishadi.
Devid Robson “The Expectation Effect” kitobida yozishicha, o‘zingizni lazzatli taomdan tiyishingiz har doim ham kamroq kaloriya iste’mol qilishingizni bildirmaydi. Aksincha, bunday cheklov keyinchalik yanada ko‘proq ovqatlanishga olib kelishi mumkin.
Kramning aytishicha, bundan ko‘ra e’tiborni tanamizga ishonishga va “yengil”, “oz”, “qo‘shilmagan” kabi oziq-ovqat ta’riflaridan qochishga qaratish kerak.
Gerhardt ham bu fikrga qo‘shiladi. U ovqatni faqat ozuqa moddalari va kaloriyalarga ega yegulik deb emas, balki huzur bag‘ishlaydigan taom deb o‘ylash bizga ko‘proq foyda keltirishini ta’kidlaydi. Gerhardtning aytishicha, qayta ishlanmagan oziq-ovqatlarga, jumladan, oqsillar hamda ko‘p miqdordagi meva-sabzavotlarga e’tibor qaratish kerak.
“Inson tanasi aynan shu kabi ozuqa bilan to‘yinish va ulardan qoniqish, zavq olish uchun yaratilgan,” deydi u.
Yuqori darajada qayta ishlangan oziq-ovqatlar iste’molini kamaytirish ham yordam beradi, chunki ular bizning tanamizga kerakli ozuqa moddalarini bermaydi va yanada ko‘proq ovqatlanish istagini uyg‘otishi mumkin.
Tadqiqotchilarning fikricha, vaqti-vaqti bilan shirinlik yoki o‘zingiz yoqtirgan taomni yeb, undan lazzatlanish sog‘lom vaznni saqlashda muhim rol o‘ynaydi.
Mavzuga oid
21:42 / 28.04.2026
50 yoshdan oshganlar uyqusini tartibga solish bo‘yicha 6 ta foydali maslahat
22:11 / 22.03.2026
Mutaxassis yurak uchun eng foydali olti mahsulotni aytdi
18:58 / 23.12.2025
Shifokor haftada kamida besh marta miriqib kulishni tavsiya qildi
17:09 / 04.12.2025