Sport | 00:42 / 21.09.2020
3931
2 daqiqa o‘qiladi

“Tur de Frans” g‘olibi aniqlandi

Foto: Twitter/LeTour

Dunyoning eng nufuzli velopoygalaridan biri “Tur de Frans”da UAE Team Emirates jamoasi a'zosi sloveniyalik Tadey Pogachar g‘olib bo‘ldi. E'tiborlisi, Pogachar ushbu velopoygada birinchi marta qatnashdi.  

Poyganing so‘nggi bosqichi o‘rtoqlik poygasi ko‘rinishida o‘tgan va u hech nimani hal qilmagan. Unda Deceunick Quick-Step jamoasi a'zosi Sem Bennett g‘alaba qozondi.

21 bosqichdan iborat poyga g‘olibi Pogachar butun masofani 87 soat 20 daqiqa 5 soniyada bosib o‘tgan. Uning hamyurti, Jumbo-Visma a'zosi Primoj Roglich 2-o‘rinni, avstraliyalik Richi Port 3-o‘rinni egallagan. 

21 yoshli Pogachar musobaqada birinchi marta ishtirok etgan va fransuz Anri Kornedan keyin ushbu nufuzli velopoyga tarixidagi ikkinchi raqamli eng yosh poygachi bo‘ldi. Korne ushbu musobaqada 1904 yil 19 yoshida g‘olib bo‘lgan. Oxirgi marta velopoyga debyutanti “Tur de Frans”da 1983 yilda g‘alaba qozongan: bu natijaga fransuz Loran Finon erishgan. Bundan tashqari, velopoyga tarixida birinchi marta arab jamoasi vakili g‘olib bo‘ldi.  

“Tur de Frans” joriy yilda 107-marta o‘tkazildi. Bu safar u faqat Fransiya hududi orqali o‘tgan. Poyga 27 iyunda boshlanishi kerak edi, biroq pandemiya sababli kechroq muddatga ko‘chirilgandi. Poyganing umumiy davomiyligi 3470 kmni tashkil qilgan.

Mavzuga oid