Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Navalniyga «Sharite»dan javob berildi. U kasalxonada 32 kun o‘tkazdi
Berlindagi «Sharite» klinikasi rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyga javob berilgani haqida xabar qildi. U nemis shifoxonasida 32 kun o‘tkazdi.
Klinika saytida e'lon qilingan press-relizda siyosatchining ahvoli shifokorlar uni statsionar davolanishni to‘xtatishga ruxsat berishi uchun yetarli darajada yaxshilangani qayd etilgan.
Bundan tashqari, shifokorlar Navalniyda keyinchalik ham zaharlanish oqibatlari paydo bo‘lishi mumkinligini istisno etishmagan.
Aniqlik kiritilishicha, Navalniy «Sharite»da jami 32 kun o‘tkazgan, shundan 24 kun mobaynida intensiv terapiya palatasida bo‘lgan.
Aleksey Navalniy 20 avgust kuni Tomskdan Moskvaga parvoz qilayotgan samolyot bortida hushdan ketgandi. Uchuvchilar shoshilinch ravishda samolyotni Omskka qo‘ndirishgan va Navalniy mahalliy shifoxonaga yotqizilgandi. Qarindoshlari va tarafdorlari Navalniy zaharlangani haqida aytishdi, ammo omsklik shifokorlar siyosatchida zaharlanish belgilari aniqlanmaganini bildirishdi.
Ikki kun o‘tib Navalniyni davolanish uchun Germaniyaga olib ketishdi. «Sharite» klinikasi shifokorlari unda chindan ham zaharlanish belgilari mavjudligini ma'lum qilishdi.
Keyinroq Germaniya hukumati Bundesver laboratoriyasi rossiyalik siyosatchining tahlil namunalarida «Novichok» guruhiga mansub modda bilan zaharlanish izlari topilganini tasdiqlashdi. Keyinroq Fransiya va Shvetsiyada o‘tkazilgan tekshiruvlarda ham siyosatchi zaharlangan degan xulosaga kelindi.
Rossiya tomoni hamon Navalniydan Omskdagi shifoxonada olingan biomateriallarda qandaydir zaharli modda izlari chiqmagani va bu hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atishga asos yo‘qligini ta'kidlab kelmoqda. Rossiya prokuraturasi Germaniya tomoniga uning tahlil namunalarini so‘rab ikki marta murojaat qilgan. Germaniyalik shifokorlar bu faqat Navalniyning o‘zining roziligi bilan amalga oshishi mumkinligini bildirishgan.
Navalniyning tarafdorlari siyosatchi Tomskdagi aeroportga borishidan oldinroq «Novichok» bilan zaharlanganini taxmin qilishmoqda. Korrupsiyaga qarshi fond ma'lumotlariga ko‘ra, Navalniy mehmonxonada suv ichgan butilkada ham zahar izlari borligini ma'lum qilishgan. Siyosatchining tarafdorlari bu idishni zaharlanish haqidagi xabarlar chiqishi bilanoq topishgan va Germaniyaga yuborishgan.
Yevroparlament Navalniyning zaharlanishi bilan bog‘liq holat bo‘yicha mustaqil tekshiruv o‘tkazishni talab qilmoqda. 17 sentabr kuni parlamentariylar rezolyutsiya qabul qilishgan, unda Rossiya hukumati Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkiloti bilan hamkorlik qilish va «Novichok» dasturi haqida to‘liq ma'lumot berishga chaqirilgan.
22 sentabr kuni Le Monde gazetasi o‘z manbalariga tayangan holda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan suhbatda Aleksandr Navalniyning o‘zi noma'lum sabablarga ko‘ra «Novichok» guruhiga mansub zaharni ichgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgani haqida yozdi.
Makron esa Navalniyning o‘zi asab tizimiga ta'sir ko‘rsatib, insonni uzoq vaqt behush qiluvchi «Novichok» guruhiga kiruvchi zaharni ichgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi ushbu taxminni inkor qilgan.
Ushbu telefon muloqoti 14 sentabr kuni Fransiya tomoni tashabbusi bilan o‘tkazilgandi. Le Monde nashrining yozishicha, suhbat chog‘ida Rossiya prezidenti Navalniyni «internetdagi qitmirlardan biri» deb atagan va muxolifat vakili tuzgan Korrupsiyaga qarshi jamg‘armaning deputat hamda amaldorlarni shantaj qilgani haqida gapirgan.
Shuningdek, Putin «Novichok» avval qayd etilganidan ko‘ra ancha murakkab tuzilishga egaligi xususida ham ma'lumot bergan. U Navalniy bilan sodir bo‘lgan voqea Latviyada yashaydigan «Novichok»ni ishlab chiqqan olimlardan biri bilan bog‘liqligi yuzasidan tekshirish o‘tkazish kerakligini aytgan. Makron esa uning bu gaplariga ham qo‘shilmagan. U Putinga fransiyalik mutaxassislar ham Navalniyga «Novichok» guruhiga kiruvchi zaharli modda bilan suiqasd uyushtirilganini tasdiqlaganini aytgan.
Mavzuga oid
21:30 / 22.03.2023
Navalniy hamkasbi Mariya Pevchix xalqaro KQKF rahbari bo‘ladi
17:39 / 17.01.2023
«Rossiya - mening mamlakatim. Men zulmat chekinishiga ishonaman». Aleksey Navalniyning qamoqdan maktubi
23:41 / 22.12.2022
Navalniy jamoasi darknetda «maxfiy shtab-kvartira» ishini muvofiqlashtiruvchi sayt ochdi
21:45 / 02.10.2022