O‘zbekiston | 00:41 / 23.09.2020
38651
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston fuqarosining ID-kartasiga qanday ma'lumotlar kiritiladi?

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni imzoladi.

Foto: IIV axborot xizmati

Farmonga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiya ID-kartasi to‘g‘risidagi va O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet davlat fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiya ID-kartasi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiya ID-kartasi to‘g‘risidagi nizomda qayd etilishicha, ID-karta O‘zbekiston Respublikasi mulkidir va uning egasi O‘zbekiston Respublikasi himoyasidadir.

ID-karta ma'lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan fuqarolarga quyidagi muddatlarga beriladi:

  • yangi tug‘ilgan bolaga bir yoshgacha – ikki yil muddatga (ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra);
  • bir yoshdan 16 yoshgacha – 5 yil muddatga (ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra);
  • 16 yoshdan – 10 yil muddatga.

Qat'iy hisobga olinadigan hujjat hisoblanuvchi ID-karta belgilangan namuna bo‘yicha lotin alifbosidagi o‘zbek tilida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun esa — ID-karta olish uchun murojaat qilgan fuqaroning xohishiga ko‘ra lotin alifbosidagi qoraqalpoq yoki o‘zbek tillarida personallashtiriladi.

ID-karta blankasiga quyidagi asosiy ma'lumotlar kiritiladi:

a) hujjatning nomi;

b) ID-kartaning raqami;

c) ID-karta egasining:

  • familiyasi, ismi, otasining ismi;
  • tug‘ilgan sanasi;
  • fuqaroligi;
  • tug‘ilgan joyi;
  • jinsi;
  • jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;

d) ID-kartaning:

  • berilgan sanasi;
  • kim tomonidan berilgani;
  • amal qilish muddati tugaydigan sana;

e) ID-karta egasining raqamli surati.

ID-kartada uning egasining imzosi bo‘lishi shart (16 yoshga yetganidan keyin).

Vazirlik va idoralarning avtomatlashtirilgan tizimlari orqali ID-karta egasining roziligi bilan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ID-kartaga kiritilgan ma'lumotlardan foydalanishga ruxsat etiladi.

Chipga ID-karta egasining quyidagi ma'lumotlari kiritiladi:

  • biografik ma'lumotlari;
  • millati;
  • raqamli surati;
  • qo‘l barmoqlarining izlari – 16 yoshga yetganidan keyin;
  • elektron raqamli imzo kalitining sertifikati – 16 yoshga yetganidan keyin.

Qonun hujjatlariga muvofiq chipga boshqa ma'lumotlar ham kiritilishi mumkin. Elektron raqamli imzo kalitining sertifikati ID-kartaning amal qilish muddati davomida haqiqiy hisoblanadi.

ID-kartani rasmiylashtirish va berish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

  • ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra – bola tug‘ilgandan boshlab 16 yoshga to‘lguniga qadar;
  • fuqaro 16 yoshga to‘lganda;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinganda yoki O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi sifatida tan olinganda;
  • ID-kartaning amal qilish muddati tugaganda;
  • fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, tug‘ilgan sanasi, jinsi o‘zgarganda;
  • ID-kartaga yoki chipga kiritilgan ma'lumotlarda noaniqliklar, xatolar va texnik nuqsonlar mavjudligi aniqlanganda;
  • ID-karta yoki chip yaroqsiz holga kelganda;
  • ID-karta ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilganida;
  • ID-karta yo‘qotib qo‘yilganda.

ID-karta egasining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, jinsi o‘zgarganligi yoki ID-kartaga kiritilgan ma'lumotlarda noaniqliklar mavjudligi aniqlanganligi munosabati bilan almashtirilayotganda, fuqaro tomonidan ma'lumotlarni yig‘ish punktiga ushbu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi va ariza kelib tushgan kundan boshlab besh ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Fuqaro ID-kartani yo‘qotgan taqdirda, yangi ID-karta belgilangan tartibda ID-karta yo‘qolganligi haqida ariza kelib tushgan kundan boshlab besh ish kunida beriladi.

ID-kartasi bo‘lmagan fuqaro 16 yoshga to‘lganda bir oydan kechikmasdan ma'lumotlarni yig‘ish punktiga ID-kartani olish uchun murojaat etishi shart. Fuqaro ID-karta olish uchun ma'lumotlarni yig‘ish punktiga quyidagilarni taqdim etadi:

  • belgilangan shakldagi ariza-anketa;
  • ilgari berilgan pasport yoki ID-karta;
  • tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma (ID-karta birinchi marotaba rasmiylashtirilayotganda);
  • vakolatli organning qarori (ID-karta ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilganida);
  • davlat boji to‘langanligi haqida kvitansiya (elektron to‘lov tizimlari orqali to‘langanda kvitansiya majburiy emas).

ID-karta ma'lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan hujjatlar to‘liq qabul qilib olingandan so‘ng bir ish kuni mobaynida beriladi.

O‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar, sog‘ligining holatiga ko‘ra mustaqil harakatlanish imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar ID-karta olish uchun ma'lumotlarni yig‘ish punktiga shaxsan o‘zlari yoki qonuniy vakillari orqali (og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda) murojaat etganda, ID-karta ma'lumotlarni yig‘ish punktining mas'ul xodimi tomonidan o‘n besh kun muddatda ushbu shaxslarni yashash manziliga borgan holda rasmiylashtiriladi va beriladi.

Bunda ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid