Abituriyentlarning OTMga kirish uchun tegishli hujjatlari onlayn qabul qilinadi. Jarayonda shaxsni tasdiqlovchi hujjat, ya’ni ID-karta ma’lumotlarini ABITUR elektron dasturiga kiritish talab etiladi.

Maktabgacha va maktab vazirligiga ko‘ra, jarayonda bitiruvchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida vazirlikning elektron ma’lumotlar bazasi Bilim va malakalarni baholash agentligining ABITUR elektron dasturi bilan integratsiya qilingan. Shundan kelib chiqib 16 yoshga kirgan o‘quvchilarning qanchasi hanuzgacha ID karta olmagani hisoblangan.

Qayd etilishicha, hozirgacha shu o‘quv yilida maktablarni tamomlayotgan 450 mingdan ortiq o‘quvchining 16 yoshga to‘lgan 23 ming (5,1%) nafari ID karta olmagani sababli ularning pasport ma’lumotlari elektron bazaga hozircha kiritilmagan. Vazirlik ota-onalarga so‘rov bilan chiqmoqda.

Farzandingizning Konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan holda, o‘z vaqtida pasport (ID karta) olishini ta’minlashingizni, maktab ma’muriyatidan esa bitiruvchilarning pasport (ID karta) ma’lumotlarini elektron bazaga kiritib, ularni kelgusida oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishida zarur ko‘mak berishingizni so‘raymiz”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Eslatib o‘tamiz, fuqarolar pasportni olish uchun hududiy ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari va Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishi mumkin.