Jahon | 02:59 / 03.10.2020
15692
2 daqiqa o‘qiladi

Trampda virus aniqlangach, fond bozorida narxlar o‘zgarib ketdi

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Trampda koronavirus aniqlangani haqidagi xabarning ta'siri nafaqat AQShda, balki butun dunyoda sezildi.

Financial Times'ning yozishicha, AQShning S&P 500 (500) indeksi 0,4 foizga arzonlagan. S&P Standard & Poor’s indeksining kengaytmasi hisoblanadi. U AQShning 500 ta eng yirik kompaniyasidan tarkib topgan AQSh milliy indeksi. Apple, Tesla va Microsoft'ning narxi pasaygani sabab Nasdaq indeksi ham 1,5 foizga pastlagan.

Shundog‘am pasaygan neft narxi Trampda koronavirus aniqlangani haqidagi xabardan keyin yana tushdi. Masalan, Brent neftining narxi 2,8 foizga arzonladi va savdolarda 1 barreli uchun 39,78 dollardan sotila boshlandi.

Trampning virus yuqtirgani haqidagi xabardan keyin nafaqat AQShda, balki Yaponiya va Avstraliyada ham indekslar pasaygan. Thorpe Abbots Capital rahbari Jyeff Xenriksen bu borada shunday deydi: «Tramp virus yuqtirgani koronavirusni yana investorlar muhokamasining asosiy mavzusiga aylantirdi. Bu AQShdagi saylovlar oldidan mamlakatda ikkilanish holatini ham keltirib chiqardi».

Tramp 2 oktabr kuni o‘zida koronavirus aniqlangani haqida xabar bergan edi. U oldinroq saylov kampaniyasi doirasida unga hamrohlik qilgan maslahatchilaridan biri Houp Hiksda koronavirus aniqlangani sabab karantinga ketgandi.

Mavzuga oid