O‘zbekiston | 10:47 / 09.10.2020
84590
2 daqiqa o‘qiladi

Super-kontrakt narxlari qanday belgilanishi ma'lum qilindi

Moliyaviy mustaqil OTMlardan tashqari barcha OTMlar tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt narxini belgilangan minimal ko‘rsatkichdan oshirmaydi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining xabar berishicha, mavjud tartibga ko‘ra, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt davlat komissiyasi tomonidan belgilangan minimal baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda OTM tomonidan mustaqil belgilanishi mumkin.

«Masalan, moliya yo‘nalishi bo‘yicha oshirilgan kontrakt bazaviy miqdorning 15 baravari etib belgilangan bo‘lsa, Toshkent moliya instituti mazkur ko‘rsatkichni 17 baravar etib belgilashi, Termiz davlat universiteti esa o‘zgartirmasligi mumkin edi.

Mazkur tartib o‘tgan yilgi qabulda amaliyotga joriy etilgan», deb tushuntirmoqda vazirlik.

Lekin pandemiya sharoitidan kelib chiqib, davlat komissiyasi tomonidan 2020–2021 o‘quv yili qabuli uchun istisno tariqasida OTM tomonidan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan tabaqalashtirilgan (super kontrakt) to‘lov-kontraktning minimal mikdorlaridan oshirilmaydi.

Biroq o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan OTMlar bundan mustasno. UrDU, SamDChTI, SamISI, TDYuU, TDIU, TMI, TDShU, ToshFarmI, O‘zDJTU, TTYMI – hozirgi Transport universiteti superkontrakt miqdorini oshirish huquqiga ega.

Avvalroq talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar 5ta yo‘nalishdan birida, qaysidir yo‘nalish talabasi bo‘lgan abituriyentlar ham balli yetmagan yo‘nalishda super kontraktda o‘qishga ruxsat etilgani ma'lum qilingan edi. Faqat qabul ballar ketma-ketligiga muvofiq amalga oshiriladi.

Mavzuga oid