O‘zbekiston | 15:18 / 13.10.2020
41274
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoga bordi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida 13 oktabr kuni yana ushbu viloyatga bordi. Davlat rahbari dastlab Mirzaobod tumanidagi «Haqiqat» mahallasiga tashrif buyurdi.

Shu yilning 1 may kuni tongida Sirdaryo viloyatida joylashgan «Sardoba» suv omborida o‘pirilish yuzaga kelib, suv toshqini yuzaga kelgan, natijada Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi o‘n minglab aholi evakuatsiya qilingandi. Prezident tez fursatda voqea joyiga borib, talafot oqibatlarini bartaraf etib, hayotni tiklash ishlariga bosh-qosh bo‘ldi.

«Sardoba» suv ombori to‘g‘onining yorilishi oqibatida 2 ming 211ta xonadon yaroqsiz va 2 ming 499tasi ta'mirtalab holatga kelib qolgan edi. Davlat rahbari o‘shanda bu ahvolni ko‘rib, vayron bo‘lgan mahallalarni nafaqat oldingi holatiga qaytarish, balki undan-da yaxshi qilish, hammaning havasi keladigan maskanga aylantirishga va'da bergan edi.

Shu maqsadda uchta hudud tanlanib, 50 gektar maydonda 86ta 5 qavatli uy-joy barpo etildi. Xususan, Sardoba tumani «Do‘stlik» mahallasida 37ta, Mirzaobod tumani «Haqiqat» mahallasida 40ta hamda Oqoltin tumani «Navbahor» mahallasida 9ta uy-joy qurildi. Ularda jami 2 ming 640 xonadon bor.

«Ilgari bu joylardagi ko‘p uylarda tabiiy gaz yo‘q edi. Endi gaz, suv, elektr energiyasi va boshqa kommunikatsiyalar bilan ta'minlangan. Yana bir muhim tomoni – yangi uy egalarining avvalgi hovlilari ham o‘zlarida qoldi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

«Suv toshqini juda katta talafot bo‘ldi. Ham fojia oqibatlarini bartaraf etish, ham qisqa muddatda odamlarni rozi qilishimiz kerak edi. Bunga uncha-muncha davlatning dosh berishi o‘zi bo‘lmaydi. Har bir odam bilan gaplashdik. Vazirliklar, hududlarni jalb qilib, tezkor ish tashkil etildi. Sovuq kunlarga qoldirmasdan, oilalarni uy bilan ta'minlashga erishdik. Eng katta masala - odamlarning ko‘nglidagi g‘ashlik ketdi, ular rozi bo‘ldi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari o‘sha qiyin kunlarda butun xalqimiz jipslashib harakat qilganiga katta e'tibor qaratdi.

«Butun mamlakatimizdan mutaxassislar keldi. Bu yerda Qoraqalpog‘iston va har bir viloyatning o‘z ko‘chasi bor. Qudratimiz borligiga, birlashsak, mehrli bo‘lsak, ko‘p ishlarni amalga oshirishimizga hamma inondi», deya ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Ko‘p qavatli uylar shinam, hovlilari obod. Bu mahalla «Yangi O‘zbekiston» deb nomlangan.

«Yangi O‘zbekiston» deyilganida ham ma'no bor. Agar xalqimizga ma'qul bo‘lsa, bunday uylarni boshqa hududlarda, aholi zich shaharlarda ham quramiz. Har bir mavze yonida ish o‘rinlari ham tashkil etamiz. Umuman olganda, qurish va yashash madaniyatimiz o‘zgarishi kerak», dedi prezident.

Yangi mavzeda mahalla guzari, do‘kon, kutubxona, bolalar maydonchalari barpo etilgan. Uylarga xizmat ko‘rsatuvchi servis kompaniyasi tashkil qilingan.

Turar joylarni ekspluatatsiya qilish tizimini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mavzuga oid