O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Rustam Shodiyev vafot etdi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, taniqli olim, iqtisodiyot fanlari doktori, sobiq mehnat vaziri o‘rinbosari, turizm sohasi rivojiga katta hissa qo‘shgan mutaxassis, professor Rustam Shodiyev vafot etdi.
Rustam Shodiyev 1938 yil 15 mayda ziyolilar oilasida tug‘ilgan. 1955 yilda Toshkent shahridagi 28-sonli maktabni oltin medal bilan tugallab, Moskva davlat iqtisodiyot institutiga o‘qishga kirgan.
U o‘z mehnat faoliyatini 1960 yilda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi iqtisodiyot institutida laborantlikdan boshlagan va 26 yil davomida kichik ilmiy xodimdan to ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimigacha bo‘lgan pog‘onalarni bosib o‘tgan.
1967 yilda Moskva shahrida nomzodlik, 1981 yilda esa doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1983 yilda professor unvonini olgan.
1980-1984 yillarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) “Suriya Arab Respublikasida mehnatni tashkil etish va samaradorligini oshirish” nomli loyihasiga rahbarlik qilgan. Safardan qaytgach, mehnat vaziri o‘rinbosari va Tashqi ishlar vazirligida boshqarma boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. Bank-moliya akademiyasi ilmiy markaziga rahbarlik qilgan.
1997 yildan 2005 yilgacha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Jahon iqtisodiyoti” kafedrasi mudiri, 2005-2019 yillarda esa Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Xalqaro turizm” kafedrasi professori lavozimida faoliyat yuritgan.
U o‘zbek tilida ilk bor 2005 yilda va keyinchalik qayta chop etilgan “Jahon iqtisodiyoti” fani darsligining muallifidir. 120dan ortiq maqolalari (ulardan 18tasi xorijda) va 4ta (bittasi ingliz tilida) yirik monografiyasi chop etilgan. 3 nafar fan doktori va 30 nafar iqtisodiyot fanlari nomzodini tayyorlagan. 1988 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” unvoniga sazovor bo‘lgan.
Rustam Shodiyev O‘zFA Kibernetika institutida, keyinchalik Mehnat vazirligi qoshidagi ilmiy tekshirish institutida katta ilmiy xodim lavozimida ishlagan.