Jahon | 18:27 / 29.10.2020
8062
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyaning Jiddadagi konsulxonasiga hujum qilgan shaxs ushlandi

Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Fransiya konsulxonasiga hujum qilmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. Al-Arabiyya nashrining xabar berishicha, u qo‘riqchilardan birini jarohatlagan.

Foto: AP

«Bugun ertalab Jiddadagi Fransiya Bosh konsulxonasiga pichoq bilan qurollangan shaxs hujum qildi va xususiy qo‘riqlash agentligi xodimi jarohatlandi. Huquqbuzar darhol Saudiya xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘lga olindi», – deyiladi rasmiy Parij bayonotida. Ma'lum qilinishicha, konsulxona qo‘riqchisi shifoxonaga yetkazilgan, hozirda uning ahvoli yaxshi.

Konsulxonaga hujum haqidagi xabar Fransiyaning Nitsse shahridagi Notr-Dam cherkovi oldida qotillik sodir bo‘lishi bilan kelib tushgan. Shahar meri ushbu hodisani terroristik harakat deb atagan hamda jinoyatchi ushlanganini ma'lum qilgan.

Hammasi Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning islom dinini «dunyo bo‘ylab inqiroz holatida» deya ta'kidlashi va payg‘ambar karikaturasi chizilishini himoya qilib chiqishi ortidan boshlandi.

Ayni vaqtda Yaqin Sharq mamlakatlarida fransuz tovarlariga boykot e'lon qilinmoqda. Shuningdek, musulmonlar ijtimoiy tarmoqlarda Makronning so‘zlariga nisbatan toqatsizligini turli shakllarda izhor qilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid