Iqtisodiyot | 19:02 / 04.11.2020
10860
3 daqiqa o‘qiladi

Jahon savdo tashkilotiga kirish bo‘yicha masalalar hal qilinmoqda - Shavkat Mirziyoyev

Prezident matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyevning Import mahsulotlari uchinchi Xitoy xalqaro ko‘rgazmasining ochilish marosimidagi nutqi matnini keltirdi.

«Xitoy Xalq Respublikasi Raisining savdo sohasida barqarorlikni ta'minlash, savdo to‘siqlarini bartaraf etish, shuningdek, turli mamlakatlar iqtisodiyotlarining o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash orqali global iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan yangi strategik kursi O‘zbekistonda yuksak baholanmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning eng muhim jihatlariga to‘xtalishni istardim.

Birinchidan. O‘zbekistonda milliy iqtisodiyotni, shu jumladan tashqi savdo rejimini liberallashtirish izchil amalga oshirilmoqda.

Jahon savdo tashkilotiga kirish va yanada qulay investitsiya muhitini yaratish bo‘yicha masalalar hal qilinmoqda.  

Normativ-huquqiy bazamizni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish borasida faol ish olib bormoqdamiz. Bojxona-tarif, fiskal tartibga solish va eksport-import protseduralari mexanizmlarini takomillashtiryapmiz, ularni sezilarli darajada soddalashtiryapmiz, “yashil yo‘laklar”ni shakllantirish davom etmoqda.

Ikki mamlakat bozorlarida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasini kelishish va ularni ishlab chiqarish loyihalariga investitsiyalar yo‘naltirilishini rag‘batlantirish taklif etiladi», degan davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning JSTga a'zo bo‘lish jarayoni 2019 yil iyul oyida O‘zbekiston JSTga a'zo bo‘lish uchun tashqi savdo rejimi to‘g‘risidagi yangilangan memorandumni ko‘rib chiqishga taqdim etgan paytda boshlangan edi. 2019 yil noyabrida Yevropa ittifoqi O‘zbekistonning JSTga kirishi uchun 5 mln yevro ajratdi.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 maydagi «Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qaroriga asosan Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya tuzilgan.

2020 yil iyulida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi O‘zbekiston va JST mamlakatning mazkur tashkilotga a'zo bo‘lishi bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh uchrashuvlarini qayta boshlayotgani haqida xabar bergan. 

Mavzuga oid