Jahon | 01:48 / 04.11.2020
20427
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQShda prezident saylovlari qanday borayotganiga izoh berdi

Foto: EPA

AQSh prezidenti Donald Tramp AQShda prezident saylovlari qanday borayotganiga izoh berdi. Uning ta'kidlashicha, Respublikachilar partiyasi saylovlarda deyarli barcha yerda, jumladan, ikkilanuvchi shtatlarda oldinda bormoqda.

“Men Florida, Arizonada, ayniqsa, Texasda juda yaxshi borayotganimizni eshitdim. Bilishimcha, biz barcha yerda yaxshi bormoqdamiz, bu ajoyib. O‘ylashimcha, bizda ajoyib tun bo‘ladi. Va undan ham asosiysi, 4 buyuk yil bo‘ladi”, – deb aytgan Tramp Virjiniya shtatidagi o‘z saylov shtabi xodimlari bilan uchrashuvda. 

“O‘ylaymanki, siz ajoyib natijalarni ko‘rasiz. Pensilvaniya, Florida juda muhim, ko‘pchilik Texas haqida gapirmoqda. Bu so‘rovnomalar emas, bu haqiqatda yuz berayotgan narsalardir. Bizda Texasda ulkan g‘alaba bo‘ladi”, – deb qo‘shimcha qilgan AQSh prezidenti.

Tramp fuqarolarni partiyalar orasidagi nizolarni yengib o‘tishga chaqirgan.  

“Barcha kelishishi lozim va muvaffaqiyat bizni birlashtirmoqda. Haqiqatan ham, avval hech kim ko‘rmagan mislsiz hamjihatlik kuzatilmoqda”, – deb ta'kidlab o‘tgan Oq uy rahbari. 

Tramp jurnalistlarning g‘alaba qozonishga qanday imkoniyatga egaligi haqidagi savollariga “yaxshi imkoniyatlarga” deb javob qilgan. “O‘ylashimcha, bizda g‘alaba bo‘ladi. Bilasizmi, g‘alaba qilish oson. Biroq mag‘lub bo‘lish osonmas, bu men uchun emas”, – deb ta'kidlab o‘tgan AQSh prezidenti.

Tramp na mag‘lub bo‘lishi, na g‘alaba qozonishi holatiga nutq tayyorlab qo‘ymaganini qo‘shimcha qilgan. Uning ta'kidlashicha, saylovlar natijalari 3 noyabr kechki payt (Toshkent vaqti bilan 4 noyabr ertalab) ma'lum bo‘lishi mumkin.

Ikkilanuvchi shtatlar prezident lavozimiga nomzodlardan qaysi biri g‘alaba qozonishini aytish qiyin bo‘lgan shtatlar hisoblanadi. Bular: Florida, Pensilvaniya, Ohayo, Michigan, Jorjiya, Shimoliy Karolina, Arizona, Minnesota, Viskonsin, Ayova va Nevada shtatlari.

Prezident lavozimiga nomzod g‘alaba qozonishi uchun saylovchilar hay'ati a'zolarining 270 ta ovozini to‘plashi lozim.

Trampning saylovlar bo‘yicha raqibi demokrat Jo Bayden hisoblanadi.

Mavzuga oid