Jahon | 00:04 / 16.11.2020
4645
2 daqiqa o‘qiladi

Efiopiyada avtobusga hujum vaqtida 34 kishi halok bo‘ldi 

Foto: Tiksa Negeri / Reuters

Efiopiya g‘arbida noma'lum jangarilarning avtobusga hujumi vaqtida 34 yo‘lovchi o‘ldirildi. Bu haqda Efiopiyaning inson huquqlari komissiyasiga tayanib France-Presse axborot agentligi xabar berdi

Hujum Benishangul-Gumuz shtatida 14 noyabr kechki vaqt sodir etilgan. Ta'kidlanishicha, Sudan bilan chegaradosh ushbu shtat hozirda jangovar harakatlar borayotgan Tigray shtati bilan umumiy chegaraga ega emas.

Bu orada, Efiopiya bosh vaziri idorasi jahon hamjamiyatini “Tigray ozodlik xalq fronti” jangarilari tomonidan May-Kadra shahrida tinch aholining ommaviy o‘ldirilishini qoralashga chaqirgan. 

Amnesty International nohukumat tashkiloti 12 noyabrda May-Kadrada 9 noyabrga o‘tar kechasi ko‘plab odamlar o‘ldirilgani isbotlari borligini ma'lum qilgan. Biroq tashkilot hujumni sodir etishda aynan kim gumon qilinayotganini ko‘rsatmagan. Efiopiya hukumati ushbu jinoyat uchun javobgarlikni “Tigray ozodlik xalq fronti” zimmasiga yuklamoqda. May-Kadra Tigray va Amxara shtatlari chegarasida joylashgan va uning asosiy aholisini amxaraliklar tashkil qiladi. 

Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmad 4 noyabrda milliy televideniye orqali chiqish qilib, 3 noyabr kechki payt “Tigray ozodlik xalq fronti” jangarilari Shimoliy qo‘mondonlikning Tigray shtati ma'muriy markazi Mekeledagi obektlariga hujum qilgani, federal hukumatga sodiq harbiylarni o‘ldirgani va harbiy texnika omborini egallab olganini ma'lum qilgan. Ahmad mamlakatni barqarorsizlikdan qutqarish uchun Tigrayga qo‘shimcha qo‘shinlarni jo‘natishga buyruq berganini e'lon qilgan. 4 noyabrdan beri federal qo‘shinlar “Tigray ozodlik xalq fronti”ga qarshi shiddatli janglar olib bormoqda. Asosiy to‘qnashuvlar Tigray shtatining Sudan bilan chegaradosh g‘arbiy qismida bormoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid