Jamiyat | 10:15
2892
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 9-sinf bitiruvchisi haydagan BYD avtobus bilan to‘qnashdi

Toshkent shahrida haydovchilik huquqiga ega bo‘lmagan o‘smir tomonidan boshqarilgan yengil avtomobil yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar qayd etilmagan bo‘lsa-da, mas’ullar voyaga yetmaganlarning transport vositalarini boshqarishi jiddiy xavf tug‘dirishini ta’kidlamoqda.

Foto: Videodan kadr

Ma’lum bo‘lishicha, voqea 15 iyun kuni ertalabki soatlarda sodir bo‘lgan. 9-sinfni yakunlagan ikki nafar o‘smir kattalar nazoratisiz holda yengil avtomobil bilan yo‘lga chiqqan.

Harakat davomida rul ortida bo‘lgan o‘smir transport vositasi ustidan nazoratni yo‘qotgan va yo‘l chetida turgan Yutong rusumli avtobus bilan to‘qnashgan. Avtobusda yo‘lovchilar bo‘lmagan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobil oila a’zolarining ruxsatisiz olib chiqilgan. Hodisadan keyin huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, voyaga yetmaganlarning avtomobil boshqarishi nafaqat ularning o‘zi, balki boshqa yo‘l harakati ishtirokchilari hayoti va sog‘lig‘i uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi.

Shu munosabat bilan ota-onalarga farzandlar ustidan nazoratni kuchaytirish, transport vositalari kalitlarini qarovsiz qoldirmaslik hamda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish bo‘yicha tushuntirish ishlarini muntazam olib borish tavsiya etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid