O‘zbekiston | 08:45 / 19.11.2020
4506
6 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlik sub'yektlari toifasini aniqlashning yangi tartibi o‘rnatiladi 

O‘rta biznesni rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni joriy etish orqali kichik biznes sub'yektlarining yiriklashuvini ta'minlash va bu orqali iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish maqsad qilingan.

Prezidentning “O‘rta korxonalarni rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish va ularni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining o‘rta korxonalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida mexanizmlarni joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

2021 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik sub'yektlari toifasini aniqlashning quyidagi tartibi o‘rnatiladi:

a) kichik tadbirkorlik sub'yektlari toifasiga:

  • yakka tartibdagi tadbirkorlar;
  • mikrofirmalar – o‘rtacha yillik xodimlar soni 10 tagacha va yillik tovar (ish, xizmatlar) realizatsiyasidan sof tushum miqdori 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari;
  • kichik korxona – o‘rtacha yillik xodimlar soni 100 tagacha va yillik tovar (ish, xizmatlar) realizatsiyasidan sof tushum miqdori 5 milliard so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari;

b) o‘rta korxona – yillik xodimlar soni 250 tagacha va yillik tovar (ish, xizmatlar) realizatsiyasidan sof tushum miqdori 15 milliard so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari;

v) yirik korxona – yillik doimiy xodimlar soni 250 tadan ortiq va yillik tovar (ish, xizmatlar) realizatsiyasidan sof tushum miqdori 15 milliard so‘mdan ortiq tadbirkorlik sub'yektlari kiradi;

g) tadbirkorlik sub'yektlarining toifalari mazkur bandning «a», «b» va «v» kichik bandlarida nazarda tutilgan shartlarning qiymati bo‘yicha eng kattasiga muvofiq aniqlanadi;

d) o‘rtacha yillik xodimlar soni va tovar (ish, xizmatlar) realizatsiyasidan sof tushum miqdoridan qat'i nazar davlat unitar korxonalari hamda ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari o‘rta korxonalar toifasiga kirmaydi;

ye) o‘rta tadbirkorlik sub'yektlari davlat statistika hisobotlarini faqatgina choraklik asosda taqdim etadilar.

O‘rta korxonalarga nisbatan shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq 2021 yil 1 yanvardan boshlab:

  • ishlab chiqarish faoliyati yuzasidan xorijiy mamlakatlardan jalb etiladigan mutaxassislar uchun qilinadigan barcha xarajatlarning 50 foizi, shuningdek korxona xodimlarini qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar to‘liq Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi;
  • tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda davlat mulki obektlaridan foydalanish bo‘yicha belgilangan ijara haqi summasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish jamg‘armasi va Bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markaziga yo‘naltiriladigan qismiga teng miqdorda kamaytiriladi;
  • mahsulotlarni eksport qilishda avtomobil, temir yo‘l va havo transporti bilan bog‘liq xarajatlarning 75 foizigacha miqdori Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan kompensatsiya qilinadi;
  • fond birjasida korporativ obligatsiyalarni joylashtirish orqali jalb qilingan mablag‘lar foyda solig‘ini hisoblash bazasiga kiritilmaydi;
  • vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan korxonalar soliq organlarini rasmiy xabardor etish orqali soliq va majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni 6 oy davomida teng ulushlarda bo‘lib to‘lash huquqiga ega bo‘ladi;
  • korxonani texnik-texnologik jihozlash va modernizatsiyalashda xodimlarni sotib olinadigan yuqori texnologik asbob-uskunalarda ishlash metodikasini o‘zlashtirishi uchun yetakchi xorijiy mamlakatlarda qisqa muddatli ilmiy stajirovkalari bilan bog‘liq barcha xarajatlarning 50 foizi Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi.

O‘rta korxonalarga nisbatan quyidagi yo‘nalishlarda ustunlik beriladi:

  • sanoat yo‘nalishidagi loyihalarni amalga oshirish yoki mavjud faoliyatni kengaytirish bo‘yicha kichik sanoat zonalaridan joy olishga talabgor bo‘lgan o‘rta korxonalarga tashkil etiladigan tender tanlovlarida;
  • davlat komissiyasining qarorlariga asosan investitsiya hamda ijtimoiy majburiyatlar asosida “1 so‘m” boshlang‘ich qiymatda ommaviy savdolarga chiqariladigan va qonunchilikda belgilangan tartibda bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti asosida xarid qilinadigan davlat aktivlari savdolarida.

2021 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi holatlarda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan o‘rta korxonalarga subsidiya va kafillik berish tartibi joriy etiladi:

  • tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha kredit summasining 75 foizigacha, biroq 8 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorida jamg‘arma tomonidan kafillik beriladi. Bunda, taqdim etilgan kafilliklar va kompensatsiyalarning amal qilish muddati tadbirkorlik sub'yektining toifasi o‘zgarganda ham saqlab qolinadi;
  • ehtiyojmand aholi qatlamlariga mansub bo‘lgan “temir daftar”ga kiritilgan yoshlar va xotin-qizlarni ishga qabul qilganda dastlabki 12 oy davomida ularning ish haqi fondiga nisbatan hisoblanadigan ijtimoiy soliq summasiga teng miqdorda subsidiya ajratiladi;
  • ishlab chiqarilgan mahsulotlarga milliy va xalqaro (muvofiqlik) sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha xarajatlarga teng miqdorda subsidiya ajratiladi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid