Jahon | 21:14 / 25.11.2020
11215
2 daqiqa o‘qiladi

Si Tszinpin Jo Baydenni prezident saylovlaridagi g‘alaba bilan tabrikladi

Xitoy raisi Si Tszinpin 25 noyabrda Jo Baydenga uning AQSh prezidenti saylovlarida g‘alaba qozongani munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Avvalroq Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakili Van Venbin ham Pekin nomidan Baydenni tabriklagandi.    

Foto: Lintao Zhang / Getty Images

“Bugun mamlakat raisi Si Tszinpin Jo Baydenga telegramma jo‘natib, uni AQSh prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi”, deb ma'lum qilingan Xitoy markaziy televideniyesining Weibo ijtimoiy tarmog‘idagi xabarida

Xitoy rahbari telegrammada Xitoy va AQSh munosabatlarini sog‘lom va barqaror ruhda ilgari surish nafaqat ikki davlat xalqlari, balki xalqaro hamjamiyat uchun muhimligini ta'kidlab o‘tgan. 

O‘z navbatida Xitoy vitse-prezidenti Van Tsishan Kamala Xarrisga AQSh vitse-prezidenti bo‘lgani munosabati bilan tabrik yo‘llagan. 

Xitoy dastlab Baydenga tabrik yo‘llashga shoshmagan davlatlar qatorida bo‘lgandi. Biroq 13 noyabrda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Van Venbin Pekin nomidan Baydenni prezident saylovlaridagi g‘alaba bilan tabriklagandi. “Biz Amerika xalqining tanlovini hurmat qilamiz va Baydenni hamda Xarrisni tabriklaymiz”, deb aytgan Xitoy vakili. 

Biroq AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp saylovlardagi mag‘lubiyatini tan olmayapti. U demokratlarni saylovlarda firibgarliklar sodir etganlikda va undan “g‘alabani o‘g‘irlab olganlikda” ayblamoqda.

Ayni vaqtda Vashington va Pekin munosabatlari bir qator masalalar, jumladan ikki tomonlama savdo kelishuvi, Hongkong masalasi bo‘yicha taranglashgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid