Jahon | 16:00 / 13.12.2020
5379
7 daqiqa o‘qiladi

Britancha nepotizm yoxud demokratik davlatdagi nodemokratik qarorlar

Harvard universiteti magistranti Sofi Hil kichik tadqiqot o‘tkazib, Britaniya hukumati pandemiya davrida davlat shartnomalari qay tariqa taqsimlangani haqida muayyan xulosalar berdi.

Ma'lum qilinishicha, favqulodda holat bahonasida pandemiyaning ilk 6 oyida hukumat koronavirus bilan bog‘liq 24 milliard AQSh dollarlik shartnomalarni deyarli tendersiz berib yuborgan.

«2 milliarddan ortiq shartnomalar esa konservatorlar partiyasi bilan aloqasi bor kompaniyalarga taqdim qilingan. Buni layoqatsizlik deysizmi yo boshqa nom bilan ataysizmi, o‘zingizga havola, biroq soliq to‘lovchilarning pulini ishlatishga kelganda shaffoflik yetishmay qolayotgani aniq», deyiladi The Guardian nashri maqolasida.

Bu shartnomalar to‘g‘risida qancha ko‘p ma'lumot yig‘ilsa, yig‘ilgan faktlarni birlashtirish shunchalar qiyin kechdi. Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari lord Bitel Lordlar palatasidagi chiqishida hukumat individual himoya vositalariga bo‘lgan shoshilinch talab «norasmiy kelishuvlar»ga asoslanib qondirilishiga ishonch bildirgani haqida aytdi. Ana shunday norasmiy kelishuvlardan biri lord Bitel va konservatorlar partiyasining donorlaridan biri Meller Dizayns o‘rtasida bo‘lib o‘tgan. Dizaynsning shirkati yaqinda konservatorlarga 84000 AQSh dollari bergandi. Marks & Spencer kabi riteylerlarga uy va moda tovarlarini yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi bu kompaniya keyinroq qariyb 217 million dollarlik individual himoya vositalariga shartnomani qo‘lga kiritgandi.

«Bu koronavirus bahonasida do‘stlarni «o‘ylab» qo‘lga kiritilgan yagona shartnoma emas. Ortga bir qadam tashlab, kartinaga o‘zgacharoq ko‘z bilan qaralmasa, bu shartnomalarning ahamiyatini anglab olish qiyin. Matematikani o‘qigan siyosatchi sifatida menda paydo bo‘lgan ilk instinkt ma'lumotlarni bir-biriga bog‘lab chiqish bo‘ldi.

Oxir-oqibat eng chalkash to‘rlarni ham tugunlarni ajratib olish va ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni topish orqali yechish mumkin. Tugunlarning bir nechtasini yechishning o‘zi ma'lumotlar tenglamasini yechishga kifoya qildi. Xuddi detektiv serialidagi dalillar taxtasining hay-tek versiyasi kabi. Natija esa, eh-he deydigan darajada interaktiv jadval bo‘lib qoldi.

Shu rakursdan qarasak, aloqalar to‘rini ko‘rishimiz mumkin. Aytaylik, Lordlar palatasiga oksfordlik eski qadrdoni tomonidan «ko‘tarilgan» konservatorlar partiyasining badavlat donori va sobiq raisi lord Feldman. U mart oyidan Sog‘liqni saqlash vazirligida maslahatchi sifatida ish boshladi. Maoshsiz. U yig‘ilishlarda Oxford Nanopore kompaniyasi bilan ishtirok etdi va kompaniya koronavirusga testlar yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarga ega chiqdi. Oradan biroz muddat o‘tib, uning Tulchan Communications piar firmasi Oxford Nanopore bilan hamkorlik qila boshlagach, Feldman hukumatdagi lavozimini tark etdi.

Boshqa yo‘nalishga burilsak, lord Bitel bilan birga Sog‘liqni saqlash vazirligida maslahatchi bo‘lib ishlagan Jorj Pasko-Vatsonga yo‘liqamiz. Pasko-Vatson Portland Communications shirkatining direktoridir. Portland Communications’ning mijozlari orasida pandemiya davrida hukumatning yirik davlat shartnomalarini yutib olgan Boston Consulting Group kompaniyasi bor.

Bu kabi aloqalardan korrupsiya hidi kelyaptimi yo boshqa yumshoqroq xarakterga egami? Do‘stlar va hamkasblarning bir-biriga yaqin bo‘lishidan manfaatdor bo‘lishlari – shaffoflik yetarli bo‘lmagan joyda urchiydigan kronizmning (tanish-bilishchilik) o‘zginasidir.

Vazirlarning asosiy maqsadi shu partiyaga aloqador kompaniyalarga shartnoma olib berish yoxud do‘stlarini yuqori lavozimlarga tayinlash bo‘lmagandir. Koronavirus fenomenidagi qoidalar hukumatdagilarga tender o‘tkazish amaliyotlarini chetlab o‘tish imkonini berdi. Shartnomalar aynan shu kabi kompaniyalar tomonidan qo‘lga kiritilishi kronizm tufaylimi yoki hukumat rasmiylari ushbu shirkatlar haqida ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lgani boismi?

Milliy Audit Idorasining hisobotlariga qarasangiz yo‘q degan javob olasiz. Hisobot ta'minotchilar uchun baland martabali siyosatchilar va rasmiylar tomonidan taqdim etilgan «yuqori prioritetli yo‘l» mavjudligini tasdiqlaydi. Shuningdek, siyosiy doiralarga yaqin kompaniyalarning tenderlarni yutib olish ehtimoli 10 barobar ko‘proq.

Hukumat bu kabi ikki standartli tizimni siyosatchilar tavsiya qilgan kompaniyalar «elakdan o‘tkazilgan», binobarin ishonchlidir, deya oqlagan. Hukumat favqulodda holatda davlat xaridlarini oshirayotib, korrupsiyaga qarshi eng oddiy tamoyillarga ham amal qilinmasligi tabiiy hol. Vaholanki, katta siyosatga aloqador kompaniyalar ko‘proq tekshirilishi kerak, aksincha emas.

Hukumatning, ayniqsa, yirik davlat xaridlarini sohaga aloqador bo‘lmagan shirkatlarga berishini hazm qilish qiyin. Individual himoya vositalari yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni qo‘lga kiritgan firmalar orasida o‘g‘it ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan tortib konditer mahsulotlarining ulgurji sotuvchisigacha bor.

Hukumat esa shaffoflikning eng oddiy qoidalarini ham buzishda davom etmoqda: shartnomalar detallari o‘z vaqtida oshkor qilinmayapti. Milliy Audit Idorasi o‘z tadqiqotida iyulda imzolangan shartnomalarning bor-yo‘g‘i to‘rttasinigina e'lon qilgan.

Sun'iy nafas oldirish apparatlari va niqoblarni shoshilinchda xarid qilgan vazirlar yana bir kamyob narsani nazardan qochirgan ko‘rinadi: ishonch. Individual himoya vositalaridan farqli o‘laroq, ishonchni sotib olib bo‘lmaydi. U shaffoflik va hisobdorlik orqali ushlab turiladi. YouGov portalidagi ma'lumotlarga asoslansak, koronavirus fonida hukumat reytingi martdagi 72 foizdan oktyabrda 32 foizga tushib ketdi.

Qizig‘i shundaki, hukumat o‘z strategiyasini xalqqa yetkazish uchun piar kompaniyalariga salmoqli summalarni to‘lash orqali arzon va ahmoqona yo‘lni tanladi. Buni ko‘rib hukumat inqirozdan do‘stlarini qimmatbaho shartnomalar bilan mukofotlash uchun imkoniyat sifatida foydalanyapti deb o‘ylansa ham xato bo‘lmas.

Ilk raso qadam shartomalar o‘z vaqtida e'lon qilinishi va xaridlar jarayonini to‘g‘ri tashkillashtirish bo‘lardi. Hukumat muvaffaqiyatli vaksinatsiya e'tiborni chalg‘itishiga umid qilmoqda. Lekin g‘aznachilik idorasi rahbari Rishi Sunakning soliqlar oshirilishi ehtimoli borligi haqidagi bayonotidan keyin, odamlarda pandemiya ortidan kimlar foyda ko‘rganiga qiziqish orsa ajabmas», deydi maqola muallifi Sofi Hil.

Mavzuga oid