O‘zbekiston | 23:11 / 17.12.2020
5916
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiylik ikki nafar maktab o‘quvchisi Finlandiyaga o‘qishga yuboriladi

Navoiylik ikki nafar maktab o‘quvchisi Finlandiyaning Lappeyenranta shahriga 3 yillik o‘qishga yuboriladi. O‘z navbatida, finlandiyalik o‘quvchilar ham Navoiy viloyatiga kelib o‘qishlari mumkin bo‘ladi.

17 oktyabr kuni Finlandiya Respublikasining Lappeyenranta shahri va Navoiy viloyati o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Memorandumga ko‘ra, Navoiy viloyatidan 2 nafar 9-sinf bitiruvchi o‘quvchisi Lappeyenranta shahriga borib, 3 yil davomida ta'lim olishi mumkin.

Finlandiya tomoni har bir o‘quvchining 3 yil davomida mamlakatda yashashi, ovqatlanishi va o‘qishi uchun 40 ming yevro miqdorida grant ajratadi.

Shuningdek, finlandiyalik o‘quvchilar ham Navoiy viloyatiga kelib o‘qishlari mumkin bo‘ladi.

Foto: Ta'lim inspeksiyasi axborot xizmati

Finlandiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Liivala Mariyaning qayd etishicha, dunyoning qayerida bo‘lmasin, shaharlar va hududlar hal qilishi kerak bo‘lgan masalalar o‘xshash bo‘ladi. Lappeyenranta va Navoiy shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik ham iqtisodiy va ekologik muammolarga birgalikda yechim izlash imkonini beradi.

«Yashil iqtisodiyot, innovatsion texnologiyalar bo‘yicha Finlandiyaning Lappeyenranta shahri tajribasi sanoatga ixtisoslashgan Navoiy viloyati uchun yana bir muhim yo‘nalish hisoblanadi. O‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga hokim sifatida har doim tayyorman», – dedi Navoiy viloyat hokimi Qobil Tursunov.

Foto: Ta'lim inspeksiyasi axborot xizmati

Uchrashuvda Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi rahbari Ulug‘bek Toshkenbayev ham qatnashdi.

«Navoiyda ta'limga e'tibor samarasini hududdagi maktablarning respublikada ko‘rsatayotgan natijalaridan bilish mumkin. Viloyat bitiruvchilari OTMga o‘qishga kirish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.

Viloyatlik o‘quvchilarning Finlandiyaga borib o‘qishi bu yoshlar uchun ajoyib imkoniyat bo‘ladi. Ular til o‘rganishi, fin madaniyati bilan tanishishi mumkin, dunyoqarashi kengayadi», – deya qayd etdi inspeksiya rahbari.

Foto: Ta'lim inspeksiyasi axborot xizmati

Ushbu memorandum Navoiy viloyati hokimligi, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamkorligida Finlandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsulligi va «Finest Future» tashkiloti ko‘magida tashkil etildi.

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid