Jahon | 09:14 / 21.12.2020
24188
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda koronavirusga qarshi choralar kuchaytiriladi 

Qozog‘iston hukumati koronavirusga qarshi cheklovlarni kuchaytirishga qaror qildi. Ushbu qaror Qozog‘iston bosh vaziri Askar Mamin boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda qabul qilindi.

2021 yilning yanvar-fevralida o‘tkir respirator virusli infeksiya (ORVI) va gripp bilan kasallanish holatlari ortishi ortida koronavirusga chalinish holatlari ko‘payishi xavfi mavjud bo‘lgani sababli quyidagilar qabul qilindi:

respublikada 2020 yil 25 dekabrdan 2021 yil 5 yanvargacha tomosha, sport va boshqa ommaviy tadbirlarni, jumladan Yangi yil ertaliklari va bayram bazmlarini o‘tkazish taqiqlanadi;

epidemiologik vaziyat barqarorlashgunga qadar “Tengiz” konida cheklovlar kuchaytiriladi;

koronavirusga qarshi dori vositalarining narxini o‘rtacha 24 foizga pasaytirish bo‘yicha choralar ko‘riladi. 

Shu bilan birga, ta'lim sifatini ta'minlash maqsadida Qozog‘iston ta'lim va fan vazirligi taklifi va jamoatchilik fikrini hisobga olib, o‘quv yilining 3-choragidan boshlab bitiruvchi sinflar uchun (9, 11, 12-sinflar) sanitar-epidemik talablarga rioya qilgan holda kombinatsiyalashgan o‘qish (70 foiz fanlar an'anaviy ravishda, 30 foizi masofadan o‘qitiladi) joriy qilinadi.

Shuningdek, hududlar rahbarlariga hududdagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib zarur cheklovlarni qabul qilish buyurilgan. 

Bundan tashqari, jamoat joylari, maktablar va bolalar bog‘chalarining sifatli sanitar ishlov berilishi zarurligiga va emlash punktlarini vaksinatsiyaga hozirlashga e'tibor qaratilgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid