O‘zbekiston | 08:06 / 25.12.2020
16118
3 daqiqa o‘qiladi

Profilaktika inspektorlari uchun Xitoydan 690 dollarlik planshetlar xarid qilinmoqda

O‘zbekistonda bugungi kunda 9875 nafar mahalla profilaktika inspektorlari faoliyat olib bormoqda. Har 4 profilaktika inspektoriga 1 nafardan katta profilaktika inspektori biriktirilgan.

Bu haqda Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish orqali bir qator masalalarning ma'muriy sudlardan profilaktik inspektorlariga o‘tkazilishiga bag‘ishlangan yig‘ilishda IIV boshqarma boshlig‘i Rahim Naimov aytib o‘tgan.

Yig‘ilishda deputatlar tomonidan ma'muriy ishlarni ko‘rib chiqish uchun bugungi kunda mahallalarda xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlarining salohiyati nechog‘lik yetarli ekanligi, bu borada ma'lum tahlillar o‘tkazilganligini isbotlovchi raqamlarning yo‘qligi hamda profilaktika inspektorlari tomonidan rasmiylashtirilgan jarimalar davlat budjetiga tushmasligi tanqid ostiga olindi.

Shuningdek, ushbu norma qabul qilingach, bu yo‘nalishdagi faoliyat har bir profilaktika inspektorining shaxsiy ko‘rsatkichlariga ta'sir etishi ta'kidlandi. Hozirgi 400-500ta ma'muriy holatlarda aholiga yordam berib, ertaga har bir inspektor shaxsiy ko‘rsatkichi uchun bittadan bunday holatni rasmiylashtirgan taqdirda ham o‘n minglab fuqarolarni qamrab olishi mumkinligi aytildi.

Deputatlar tomonidan bildirilgan e'tirozlarga javoban IIV boshqarma boshlig‘i Rahim Naimov bugungi kunda O‘zbekistonda 9875 nafar mahalla profilaktika inspektorlari faoliyat olib borayotgani, ularning har 4 nafariga 1 nafardan katta profilaktika inspektori biriktirilganligini aytib o‘tdi.

U bu yo‘nalishda shaffoflikni ta'minlash uchun Xitoy davlatidan 690 dollardan planshetlar xarid qilinayotganligini ma'lum qildi. 

"Mazkur planshetlar faqatgina javobgarning barmoq izlari monitorga bosilgan taqdirdagina ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtiradi. Bugungi kungacha Namangan, Samarqand va Toshkent viloyati profilaktika inspektorlari ushbu turdagi planshetlar bilan ta'minlangan", — dedi Naimov.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi orqali kodeks 110-moddasi 1-qismi, 111-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha (Shaharlar va boshqa aholi punktlarida it va mushuk boqishning qoidalarini buzish hamda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) ma'muriy jazo qo‘llash huquqi ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlariga berilmoqda.

Mavzuga oid