Jahon | 10:50 / 15.01.2021
24362
3 daqiqa o‘qiladi

Qayroqqum suv omborining sig‘imi haqida ma'lumot berildi

Joriy yilning 14 yanvar kuni yarim tunda ijtimoiy tarmoqlarda Tojikiston hududida joylashgan “Bahri tojik” (Qayroqqum) suv ombori yorilishi natijasida suv toshqini sodir bo‘lganligi to‘g‘risida yolg‘on xabarlar tarqaldi. 

Foto: TripAdvisor

“Bahri tojik” suv omboridagi gidroelektr stansiyasi direktori Fayzulla Azizovning ma'lum qilishicha, suv omborida hech qanday muammo yo‘q, barcha inshootlar texnik soz holatda. Gidroelektr stansiyasidagi agregatlar odatdagi tartibda ishlab turibdi. Barcha inshootlarning xavfsizligi nazoratga olingan. Suv ombori atrofidagi hududlarda yashovchi aholi sarosimaga tushib, xavfsiz hududlarga ko‘chib o‘tayotgani haqidagi xabarlar ham asossiz, deya xabar bermoqda Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

Bugungi kunda Qayroqqum suv omborining suv hajmi 3 mlrd 443 mln m³ bo‘lib, suv omboriga suvning kirishi 892 m³/sek., suvning chiqishi esa 880 m³ /sek.ni tashkil etmoqda. Suv omborida oxirgi o‘n kunlik davomida suv to‘plash va suv chiqarishda hech qanday keskin o‘zgarish kuzatilmagan.

O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligida kecha-yu kunduz faoliyat yuritadigan navbatchilik tashkil qilingan hamda dispetcherlik xizmati doimiy ishlab turibdi. Shuningdek, respublikamizdagi barcha yirik suv inshootlarining xavfsiz ishlashi yana bir bor nazoratdan o‘tkazildi. 

“Bahri tojik” suv omborining suv hajmi o‘zgarishi bo‘yicha qo‘shni Tojikiston suv xo‘jaligi organlari, O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda “O‘zgidromet” markazi bilan muntazam aloqalar o‘rnatilgan bo‘lib, suv omborining ishlash rejimi bo‘yicha har soatlik monitoring yuritib borilmoqda. 

Suv xo‘jaligi vazirligi fuqarolarni bu kabi yolg‘on mish-mishlarga ishonmaslikka va xotirjamlikka chaqiradi.

Eslatib o‘tamiz, “Bahri tojik” suv ombori suvidan Toshkent viloyati Bekobod tumani, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hamda qo‘shni Qozog‘iston Respublikasining ekin maydonlarini sug‘orishda foydalaniladi. 

Mavzuga oid