O‘zbekiston | 08:04 / 20.01.2021
9870
2 daqiqa o‘qiladi

Qarshi shahrida 2 874 tup daraxt ildizi bilan qo‘porib tashlandi

OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahridagi Buyuk Turon ko‘chasida minglab daraxtlarning qo‘porib tashlanayotgani tasvirlangan video hamda xabar tarqaldi. Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati bu borada rasmiy ma'lumot taqdim etdi.

Qayd etilishicha, qo‘mitaning Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspeksiyasi hamda Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari holatni o‘rganish uchun bevosita bayon etilgan manzilga chiqqan.

O‘rganish davomida Qarshi shahar hokimining qaroriga asosan ajratilgan 10 gektar yer maydonida kichik sanoat zonasi tashkil etilayotgani, mazkur hududdagi 2 874 tup har xil turdagi daraxtlar ekskavator texnika vositasi yordamida ildizi bilan qo‘porilgani aniqlandi va holat yuzasidan dalolatnoma tuzildi.

Ta'kidlanishicha, Qarshi shahar qurilish bo‘limining 2020 yil 23 noyabrdagi Qarshi shahar “Buyuk Turon” MFY, Buyuk Turon ko‘chasida tashkil etilayotgan kichik sanoat zonasi hududidagi ekinzor va daraxtlarni tag qismidan olib tashlash to‘g‘risidagi murojaatiga javoban Qarshi shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi tomonidan daraxt va butalarni kesish tartibi ko‘rsatib o‘tilgan holda, daraxt va butalarni kesishga ruxsat berilmagan.

Shu bilan birga, ajratilgan 10 gektar yer maydonida tashkil etilayotgan kichik sanoat zonasi bo‘yicha Davlat ekologiya qo‘mitasining ekologik xulosasi olinmaganligi aniqlangan.

Ayni damda yuqoridagi holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berilishi uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgani aytiladi.

Mavzuga oid