Sport | 08:41 / 24.01.2021
2617
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston talabalari assotsiatsiyasi faoliyat boshladi

Uyushma Samarqand davlat universiteti huzurida tashkil etilgan.

Bir guruh samarqandlik talabalar dekabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Yoshlar forumida O‘zbekiston talabalari assotsiatsiyasini tashkil etish va shu orqali «Samarqand tajribasi»ni yaratishni taklif qilgan edi. Taklifni prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘llab-quvvatlagandi.

Kuni kecha Samarqand davlat universitetida assotsiatsiyaning ta'sis forumi bo‘lib o‘tdi.

«Assotsiatsiyani tashkil etishdan asosiy maqsad mamlakatimiz – OTMlari talabalarini qiziqish va ehtiyojlariga qarab, jamoatchilik boshqaruvi asosida birlashtirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, yuksak ma'rifatli, bilimdon mutaxassislar bo‘lib yetishishlari yo‘lida qo‘llab-quvvatlashdan iborat», – deyiladi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabarida.

Onlayn-muloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda mahalliy OTMlardan tashqari Osiyo universitetlari assotsiatsiyasi, Xalqaro ipak yo‘lida joylashgan universitetlar assotsiatsiyasi, Yevroosiyo universitetlari assotsiatsiyasi vakillari, AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Niderlandiya, Rossiya, Hindiston, Afg‘oniston, Isroil, Turkiya, Belarus, Vengriya kabi davlatlarning talaba-yoshlari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Yu. Absoatov, SamDU rektori Rustam Xalmurodov va boshqalar Talabalar assotsiatsiyasi tashkil etilgani bilan O‘zbekiston yoshlarini qutlab, uning faoliyatiga omad tiladi.

Forumda O‘zbekiston talabalar Assotsiatsiyasini tashkil etish masalasi onlayn so‘rovnoma orqali ovozga qo‘yildi. Unda ishtirok etganlarning deyarli barchasi Samarqand davlat universiteti huzurida O‘zbekiston Talabalar assotsiatsiyasini tashkil etishni yoqlab ovoz berdi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid