Jamiyat | 17:43 / 07.02.2021
19217
4 daqiqa o‘qiladi

SSV tibbiyot texnikumlarining kollejlardan farqi bo‘yicha izoh berdi

Prezidentning 2020 yil 7 apreldagi «Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga binoan mamlakatdagi tibbiyot kollejlarida o‘qitish tizimi butunlay isloh etildi hamda ularning 47tasi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlariga aylantirildi. Ayni paytda ushbu muassasalarda o‘qish jarayonlari davom etmoqda. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Tibbiyot kollejlari va texnikumlar orasidagi farq nimada? O‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlashda qanday xorij tajribasi, yangicha usullar qo‘llanmoqda? SSV Matbuot xizmatining ushbu savollariga Sog‘liqni saqlash vazirligi Fan va ta'lim  boshqarmasi mas'ul xodimi Lutfi Yusupova javob berdi.

— Har yili tibbiyot kollejlarini minglab yoshlarimiz tamomlaydi. Masalan, o‘tgan 2019–2020 o‘quv yilida 31 ming nafar yoshlar tibbiyot kollejlarini tugatdi. Ammo shuni alohida qayd etish kerakki, 11 yillik ta'lim tizimiga o‘tilishidan oldin kollejlarda o‘qish majburiy ko‘rinishda edi. Qabul imtihonlari osonroq va talabga javob bermaydigan o‘quvchilarning o‘qishdan chetlatilishi kam kuzatilardi. 

Bu esa hamshiralar orasida yetarli bilim-ko‘nikmaga ega bo‘lmagan kadrlar paydo bo‘lishiga ham sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik bitiruvchilar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlamadi. Shu bois ham, endilikda tibbiyot ta'lim tizimi to‘liq isloh etilmoqda.  

—  Tibbiyot kollejlari faoliyati qay tarzda takomillashtirildi?

— O‘qitish davri ikki yil bo‘lgan 11-sinfni tamomlagan yoshlarni qabul qiluvchi tibbiyot kollejlarida «Feldsher laborantlik ishi», «Feldsher ishi» hamda «Tibbiy-ijtimoiy ish» kabi yangi yo‘nalishlar ochildi. Xususan, oxirgi yo‘nalish bitiruvchilari patronaj hamshiralar hisoblanib, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiladi, nogiron va uyda yotib davolanayotganlar holidan xabar oladi.

Endilikda, tibbiyot kollejini tugatgan hamshiralar shunchaki shifokorlarning ko‘rsatmasini bajaruvchi emas, balki odamlarga to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollikka erishish va boshqa masalalarda zarur tavsiyalarni bera oladigan mutaxassislar bo‘lishadi. 

Shu bois ham, ular amaliyot darslarini qishloq va shahar oilaviy shifokorlik punktlarida o‘tashi belgilandi. Shuningdek, tibbiyot kollejlarida ham talabalarning kontrakt va budjet shaklda o‘qitilishi muassasaga nisbatan aholining jiddiy munosabatini shakllantirish bilan birga kollejlarda zamonaviy, innovatsion usullarda dars o‘tilishi uchun kerakli moddiy-texnik baza yaratilishiga asos bo‘ldi.

— Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarining tibbiyot kollejlaridan farqi nimada?

— Tibbiyot texnikumlarida o‘qish uch yil davom etib, 11-sinfni tamomlagan yoshlar qabul qilinadi. Ushbu muassasalarni tugatgan hamshiralar tibbiyot kollejini tamomlagan talabalardan ham malakaliroq va bilimliroq mutaxassis bo‘lib shakllanadi. 

Tibbiyot texnikumlaridagi o‘quv jarayonlariga tibbiyot oliy ta'lim muassasalarining yuqori malakali professor-o‘qituvchilari masofaviy ta'lim berish uchun jalb qilinayotgani ham so‘zimizni isbotlaydi. 

Bundan tashqari, tibbiyot texnikumlarining o‘quv rejalari shu yo‘nalishdagi oliy ta'lim muassasalarining o‘quv rejalari  bilan integratsiya qilingan. Shu bois, texnikumning namunali bitiruvchilari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha tibbiyot oliy ta'lim muassasalarining 2-kursidan test sinovisiz suhbat asosida turdosh oliy ta'lim muassasasiga qabul qilinib, o‘qishni davom ettirish huquqiga ham ega.

Bir so‘z bilan aytganda, tizim o‘rta tibbiyot xodimlarining yanada malakali kadr bo‘lishlariga xizmat qiladi. Bu o‘z navbatida, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilishiga zamin yaratishi shubhasiz.

Mavzuga oid