Iqtisodiyot | 11:45 / 11.02.2021
6079
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank yanvar oyidagi naqd pul aylanmasi haqida ma'lumot berdi

Markaziy bank O‘zbekistondagi naqd pul muomalasi yuzasidan qisqacha sharh e'lon qildi. Unda 2021 yilning yanvar oyi bo‘yicha ma'lumot keltirilgan.

Qayd etilishicha, joriy yil yanvarida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 32,1 trillion so‘mni tashkil etgani holda 2020 yil yanvar oyiga nisbatan 7 foizga oshdi.

Xususan, banklar kassalariga naqd pul tushumlari 17 trillion so‘mni, chiqim qilingan naqd pullar 15,1 trillion so‘mni tashkil etdi.

2021 yil yanvarida banklar kassalaridan (shu jumladan, bankomatlardan) berilgan naqd pullar 2020 yil yanvariga nisbatan 6,7 foizga oshishi kuzatilgan bo‘lsa, mazkur holat asosan bank kartalaridan naqd pul yechish hajmining 1,7 trillion so‘mga (1,5 barobar) o‘sishi hisobiga yuzaga keldi.

Natijada banklardan berilgan naqd pullar tarkibida bank kartalaridan yechib olingan naqd mablag‘lar ulushi 25 foizdan 35 foizga yetdi.

2021 yil yanvar oyida bank kartalariga jami 15,9 trillion so‘mlik mablag‘lar kelib tushib, ushbu davrda bank kartalaridagi 5,2 trillion so‘mlik (32,8 foiz) mablag‘lar aholi tomonidan naqdlashtirib olingan.

Avvalroq, 2020 yil yanvar-sentyabr oylarida naqd pul aylanmasi hajmi 248,5 trillion so‘mni tashkil etgan holda 2019 yilning mos davriga nisbatan 27,3 foizga oshgani ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid