Jahon | 10:30 / 23.02.2021
20548
9 daqiqa o‘qiladi

Avval sayohat, keyin siyosat. Putin Sochida Lukashenko bilan uchrashuv o‘tkazdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sochidagi so‘lim qabulxonasida belaruslik hamkasbi Aleksandr Lukashenko bilan ko‘rishdi. Galstuklarsiz kechgan uchrashuvda tomonlar nimalarni muhokama qilgani ko‘pchilik uchun tushunarli. Belarusdagi talato‘plar tinchigach, prezident Lukashenko mintaqaning eng ta'siri katta siyosatchisi bilan ilk marta uchrashdi.

«Uzoq davom etadigan uchrashuv bo‘ladi»

Putin va Lukashenko suhbatining asosiy mavsuzi Belarusdagi saylovdan keyin yuzaga kelgan to‘polon bo‘lgani haqiqatga yaqin. To‘g‘ri, ular sentyabrda ham uchrashgandi, lekin undan keyin ham ko‘p ishlar bo‘lib ketdi. Ekspertlarning fikricha, Lukashenko taxtdan qulay deb turgan vaqtda Rossiyaning siyosiy ko‘magisiz «suvdan quruq chiqolmagan» bo‘lardi.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu uchrashuvni anonslar ekan, uni «uzoq davom etadigan uchrashuv» deb atagandi. Uchrashuvning OAV uchun ochiq qismi ham galstuklarsiz o‘tdi. Lukashenko Rossiyaga iqtisodiy yordam ko‘rsatgani uchun rahmat aytdi. U Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasi dunyodagi eng samarali vaksina ekaniga ham ishonch bildirdi. Ochiq suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi avtomobil qatnovini tiklash masalasi muhokama qilindi. Rossiya va Belarus avtoqatnovlarni yozda tiklashni rejalashtirmoqda.

3 milliard dollarlik uchrashuv?

Peskovning anonsidan keyin rus nashrlarida Lukashenko Sochidagi uchrashuvga Putindan 3 milliard dollar so‘rab borayotgani haqida yoza boshlashdi. Belarus pandemiya vaqtida ham karantin e'lon qilmadi, zavodlar ishlashda davom etdi, hatto niqob taqish majburiy bo‘lmadi va iqtisodi boshqa davlatlar kabi katta zarar ko‘rmadi. Lekin 9 avgustda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan keyin mamlakatda xaos boshlandi. Butun mamlakat bo‘ylab odamlar ko‘chaga chiqib, Lukashenkoning ketishini talab qilishdi, keyinchalik zavodlarda ish tashlashlar boshlandi, mamlakat juda katta iqtisodiy zarar ko‘rdi. Shu bois Belarus sobiq ittifoq hududidagi eng barqaror iqtisodga ega davlatlardan biri bo‘lsa-da, qiyin kunlarni boshdan o‘tkaza boshladi. Bunday holatda Lukashenko Putindan iqtisodiy ko‘mak so‘rashi kutilmagan holat emas. Belarus bu mish-mishlarga javob berishga ham ulgurdi va Rossiyaga borishdan maqsad bu bo‘lmaganini aytdi.

Oldinroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tomonlar o‘zaro integratsiyalashuv masalasida tez orada yakuniy qarorga kelinishini aytgandi. Shuningdek, Lukashenko xavfsizlik masalasida ham muhokamalar o‘tkazilishini ma'lum qildi.

Belarus prezidenti Putindan yoki Rossiyadan hech narsa so‘ramasligini aytgan bo‘lsa-da, uchrashuvda chindan moliyaviy masala ko‘tarilgani ehtimoli yuqori. Gap Rossiya 2011 yil AES qurilishi uchun ajratgan 10 milliard dollar kredit haqida ketmoqda. O‘shanda ajratilgan pulning 4,5 milliard dollari ishlatilgan va qolgani iqtisod qilingan. Bu ma'lumotni Rossiya davlat dumasi ham tasdiqlagan va qolgan pul Belarusdagi yirik davlat korxonalari, xususan, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi va tibbiyot sektoridagi korxonalarni moliyalashtirishga ishlatilishi belgilangan.

OAV Belarus iqtisodiy jihatdan Rossiyaga bog‘liq ekani haqida yozishi Lukashenkoning jahlini chiqaradi va shu sabab bunday ma'lumotlar tarqatilmasligini xohlaydi. Shu tariqa, Lukashenko Sochida Putin bilan pul masalasini gaplashgani haqiqatga yaqin. Chunki Belarus budjet defitsitini to‘ldirishi kerak. Buning ustiga 2 milliard dollar tashqi qarz to‘lanishini kutib yotibdi. Ayni damda Xitoydan qarz olishni kutmasa ham bo‘ladi, chunki xitoyliklar qarzni katta garov evaziga berishadi va ular Belarusdagi nimagadir ko‘z tikishi qiyin masala.

Rossiya bilan integratsiyalashuv nima?

SSSR tarqalib ketganidan keyin Rossiya va Belarus o‘zaro ittifoq tuzish borasida muzokara o‘tkazib keladi. Biroq hamon bu borada bir qarorga kelinmagan. Ko‘pchilik bu ittifoq Rossiya bosimi bilan va uning foydasi uchun tuzilishini aytadi. Chunki ittifoqni ortga surayotgan tomon Belarus. Integratsiyalashuvdan keyin tuziladigan ittifoq shunchaki tuzilma emas, butun boshli davlat bo‘ladi. Uning o‘z valutasi (katta ehtimol bilan Rossiya rubli), o‘z kengashi, vazirlar mahkamasi va hatto o‘z sudi bo‘ladi. Bu ittifoqqa bir vaqtlar Moldova ham qo‘shilmoqchi bo‘lib qolgandi. Oldinroq bunday istakni Yugoslaviya va Serbiya ham bildirgan. Norasman olganda SSSRning tiklanishiga tenglashtirilgan bu ittifoq bugun faqat Rossiya va Belarus uchungina kun mavzusida turibdi. Biroq bugunga kelib hatto Lukashenko integratsiya haqida o‘ylaydigan vaqt emasligini aytib turibdi.

Shu o‘rinda bir ma'lumot: Rossiya va Belarus SSSRdan chiqib ketmagan ikki davlat hisoblanadi. Rossiya tabiiyki 14ta o‘ziga bo‘ysunuvchi davlatni qo‘ldan chiqargach, SSSRning merosxo‘ri sifatida qolgandi. Belarus esa tarqalib ketishi aniq bo‘lgan ittifoqni tark etishga urinmagan ham. Shunchaki SSSR tarqalib ketgach, yangi davlatga aylangan. Hattoki Belarusda mustaqillik kuni sifatida SSSRdan ajralib chiqqan kun emas, ikkinchi jahon urushi vaqtida Minsk ozod qilingan 3 iyulni nishonlashadi.

Sochida tomonlar yana integratsiya masalasini ko‘targan. Bu haqda Kreml rasmiy saytida yozildi. Chunki bu yo‘lda Rossiya juda ko‘p ish qildi. Belarusga ko‘rsatilayotgan doimiy iqtisodiy yordam ham bejiz emas, aynan ittifoq masalasini tezlatish uchun beriladi. Ayni masalada Rossiya uchun Lukashenkoni qo‘llab-quvvatlash ham muhim, chunki vaziyatga aralashilmasa, muxolif nomzodlar muvaffaqiyat qozonib, Belarus uchun integratsiyalashuv manzili Yevropa tomon burilishi mumkin. Hozircha hech qanday hududiy muammosi bo‘lmagan Belarus esa bu holatda Yevropa ittifoqiga qo‘shilib ketishi ham hech gap emas. Bu esa Rossiya burnining tagida yana bir NATO davlati paydo bo‘ladi degani. Shu sabab ham Belarus Rossiya uchun muhim hisoblanadi.

Murvatlarni qattiqroq burash...

Lukashenko Putin bilan birga keyingi qadamlarini muhokama qilib olgan bo‘lishi haqiqatga yaqin. U o‘z mamlakatidagi talato‘plardan keyin odamlarga konstitutsion islohot va'da qildi. Noma'lum muddatda o‘tajak bu islohot haqida va'da ochiqchasiga vaqtdan yutish uchun berildi. Sochida katta ehtimol hukumatni mustahkamlash uchun murvatlarni qanday qilib burash borasida tavsiyalar berilgan.

Putin gapni cho‘zmadi

Uchrashuvning rasman ochiq bo‘lgan qismida yoshlarga xos jyensi va kulrang pidjakda qatnashgan Putin Rossiya Belarus uchun asosiy investor mamlakat ekanini, bu borada mamlakatning ulushi 50 foizga teng ekanini aytdi va Lukashenkoni muzokaralardan avval chang‘i uchishga taklif etdi-qo‘ydi.

Yaxshi dam mehnatga hamdam

Putinning taklifidan keyin ikki prezident Sochidagi chang‘i kompleksida sayohat qilishdi. Avvaliga chang‘i, keyin chanada uchishdi. Bu vaqt davomida ularda gaplashish imkoni bo‘lmadi, juda ko‘p qo‘riqchilarning birga uchgani esa TVdagi kadrlarni boyitib berdi.

Darvoqe, Lukashenko chanada uchishdagi o‘ziga xos kichik poygada Putinni ortda qoldirdi ham. «Poyga»dan keyin tomonlar ozgina taom tortilgan dasturxonda tamaddi qilishdi. Lukashenko odatdagidek Putinga Belarus qishloq xo‘jalik mahsulotlaridan tayyorlangan sovg‘a berdi.

Shu tariqa, Putin va Lukashenkoning uchrashuvlaridan yana biri yakunlandi. Lukashenko haqidagi xabarlarni birinchi bo‘lib beruvchi «Pul pervogo» telegram kanalining yozishicha, tomonlar tabassum bilan, yaxshi kayfiyatda uchrashuvni yakunlagan. «Putin mehmonni kuzatib qo‘ydi», deb yozdi kanal Vladimir Vladimirovichning shaxsan o‘zi Lukashenkoni kuzatishga chiqqaniga urg‘u berganday. Bu uchrashuvda qanday mavzular muhokama qilinganini keyinroq sodir bo‘ladigan voqealar orqali taxmin qilish mumkin. Hozircha bu oddiy galstuklarsiz uchrashuv bo‘lgani aniq.

Mavzuga oid