Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Neft, qurol va geosiyosat. Putin nega Hindistonga davlat tashrifi bilan kelmoqda?
Foto: AFP via Getty Images
Rossiya prezidenti Vladimir Putin payshanba kuni ikki kunlik davlat tashrifi bilan Hindistonga uchib keladi, tashrif doirasida u bosh vazir Narendra Modi bilan muzokaralar o‘tkazadi va Rossiya-Hindiston biznes-forumida ishtirok etadi. Hindiston Rossiya neftining asosiy xaridorlaridan biri bo‘lib qolmoqda, shuningdek Moskva bilan qurol-yarog‘ bitimlariga ham umid qilmoqda. G‘arb nashrlari yozishicha, Putin uchun bu tashrif shunisi bilan ham muhimki, u shu yo‘l bilan Ukrainadagi urush tufayli to‘liq xalqaro izolyatsiyada qolmaganini namoyish etmoqda.
Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov rossiyalik jurnalistlarga ma’lum qilishicha, payshanba kuni Modi Rossiya prezidentini o‘z qarorgohida norasmiy ravishda qabul qiladi.
Keyingi kuni Hindiston prezidenti Draupadi Murmu ishtirokida rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tadi. Tashrif dasturidan Rossiya-Hindiston muzokaralari, rasmiy qabul va biznes-forum ham o‘rin olgan.
Neft va Amerika sanksiyalari
Bloomberg agentligi Putin Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri ilk bor Hindistonga borayotganini eslatgan. Moskva o‘ziga qarshi kiritilgan sanksiyalarga qaramay, Nyu-Dehli bilan yaqin munosabatlarni saqlab qoldi: Hindiston Rossiyadan qurol sotib olmoqda va Rossiya neftining asosiy iste’molchilaridan biri bo‘lib qolmoqda.
CREA tadqiqot markazining oktyabr oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra, Hindiston Rossiya neftining Xitoydan (47 foizlik ulush) keyingi ikkinchi eng yirik xaridoridir (38 foiz). Keyingi o‘rinlarda Yevropa Ittifoqi (6 foiz) va Turkiya (6 foiz) joylashgan.
BBC Hindiston bo‘limi sharhlovchisi Vikas Pandeyning ta’kidlashicha, so‘nggi besh yil ichida Hindiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo hajmi keskin oshgan. 2025 yil mart oyida bu miqdor 68,72 milliard dollarni tashkil etgan, holbuki 2020 yilda bu ko‘rsatkich atigi 8,1 milliard dollar atrofida edi. Sharhlovchining so‘zlariga ko‘ra, bu asosan Hindiston Rossiya neftini sotib olishni keskin oshirgani bilan bog‘liq, Moskva buning uchun katta chegirmalar taqdim etadi.
Bu esa Vashingtonning jiddiy noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Prezident Donald Tramp joriy yil avgustida Hindiston mahsulotlarini AQShga yetkazib berishga 50 foizlik tarif joriy qilgan va buni Hindiston Rossiyadan neft sotib olish orqali Ukrainaga qarshi urushni moliyalashtirishga yordam berayotgani bilan izohladi.
Neft yetkazib berishdan keladigan daromadlar chindan ham Rossiya budjetining eng muhim daromad manbayi hisoblanadi. Reuters’ning qayd etishicha, barcha tushumlarning chorak qismi neft eksportidan keladigan mablag‘larga to‘g‘ri keladi.
Vikas Pandeyning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda G‘arb hukumatlari Modini Ukrainaga qarshi urushi uchun Rossiyani tanqid qilishga undamoqchi bo‘lgan. Biroq bunga javoban Hindiston rahbari faqat muloqotga chaqirdi.
Bu Hindistonning «strategik avtonomiya» siyosatining bir ko‘rinishi bo‘lib, uning doirasida bosh vazir Moskva bilan yaqin aloqalarni saqlab qolishga, ammo G‘arb bilan munosabatlarni buzmaslikka harakat qilmoqda, deydi sharhlovchi.
Donald Tramp hokimiyatga qaytgunicha bu ish berayotgandi, deya davom etadi u. Endi esa Amerika-Hindiston munosabatlari tarixdagi eng quyi nuqtaga yetgan va mamlakatlar hozirgacha savdo mojarosini hal qila olmadi.
Strategik balans va savdodagi nomutanosiblik
Shu nuqtayi nazardan, Putinning tashrifi Modi uchun yanada katta ahamiyat kasb etadi. Bosh vazir o‘z mamlakati aholisiga ham, butun dunyoga ham Putinni hamon ittifoqchi deb bilishini va Trampning bosimiga bo‘ysunmaganini ko‘rsatmoqchi (garchi avvalroq Modi Amerika prezidentini «chin do‘stim» deb atagan bo‘lsa-da).
Shu bilan birga, Hindiston hukumatiga Yevropa ham bosim o‘tkazmoqda. Shu haftada Hindistondagi yirik nashrlardan birida Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya elchilarining Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini keskin tanqid qilingan qo‘shma maqolasi nashr etildi.
«Hindiston uchun asosiy muammo – bu strategik muvozanat: o‘z avtonomiyasini himoya qilish va Vashington bosimi hamda Moskvaga qaramlikni bartaraf etish zarurati», – deyiladi Hindistonning Global Trade Research Initiative (GTRI) tahliliy markazi sharhida.
Bundan tashqari, OAVning yozishicha, Hindiston Rossiya bilan neft sotib olish ko‘payganidan keyin yuzaga kelgan savdo balansidagi sezilarli tafovutni to‘g‘rilamoqchi. Hindiston hukumati Moskvadan Dehli uchun ko‘plab muhim bozorlarni, jumladan, farmatsevtika, avtomobil va xizmatlar bozorini ochishni so‘ramoqda.
Bu Putin uchun nimasi bilan muhim?
BBC sharhlovchisi Stiv Rozenberg Vladimir Putin uchun Hindistonga tashrif geosiyosiy ahamiyatga ham egaligi haqida yozadi. Kreml G‘arbga Ukrainadagi urush tufayli uni izolyatsiya qilishga urinishlar muvaffaqiyatsizlik bilan tugaganini ko‘rsatishni xohlaydi, deydi sharhlovchi.
U uch oy oldin Putin Xitoyga tashrif buyurib, u yerda Modi va Xitoy rahbari Si Jinping bilan uchrashganini ham eslatadi.
London Kings kolleji xalqaro aloqalar professori Harsh Vi Pant AFP agentligiga bergan intervyusida Putinning tashrifi «har ikki tomon uchun ham muhim geosiyosiy pallada o‘zaro munosabatlarni perezagruzka qilishga urinish» ekanini ta’kidlaydi.
«Hindiston uchun hammasi strategik avtonomiyani namoyish etish niyati kabi ko‘rinmoqda. Chet elga kamdan kam chiqadigan Putin esa o‘z tashrifi bilan bu munosabatlar u uchun qanchalik muhimligini ko‘rsatadi», – deb hisoblaydi Pant.
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi xodimi AFP’ga bergan intervyusida Moskva va Dehli o‘rtasidagi tarixan mustahkam aloqalarni eslatib o‘tdi va ularni «bugungi kunning eng barqaror munosabatlari» deb atadi.
«Rossiya rahbari Moskvaning G‘arbdan tashqarida mustahkam va muhim o‘zaro munosabatlari, shuningdek, u savdo qilishi mumkin bo‘lgan yirik bozorlari borligini ko‘rsatmoqchi», – deya xulosa qiladi Bloomberg.
Qurollar xaridi bo‘yicha nimalar ma’lum?
Putinning Hindistonga tashrifi arafasida Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Hindiston hukumati Rossiyaning yangi S-400 havo hujumidan mudofaa tizimlarini sotib olishdan manfaatdorligini tasdiqladi.
AFP ma’lumotiga ko‘ra, hozirda Hindiston armiyasida uchta shunday qurol tizimi mavjud, biroq Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va G‘arb tomonidan kiritilgan sanksiyalar tufayli yana ikkitasini yetkazib berish (2018 yilda tuzilgan shartnomaga ko‘ra) to‘xtab qolgan. Ba’zi nashrlar Hindistonga yangi S-500 havo mudofaa tizimlarini yetkazib berish imkoniyati haqida ham yozmoqda.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Hindiston Rossiyaga Su-57 qiruvchi samolyotlarini birgalikda ishlab chiqarishni boshlashni taklif qilmoqda.
Bloomberg Rossiya Hindistonga eng yirik qurol yetkazib beruvchi bo‘lib qolayotganini eslatgan (garchi so‘nggi yillarda bunday yetkazib berish hajmi sezilarli darajada kamaygan bo‘lsa-da, chunki Nyu-Dehli endi ko‘proq AQSh va Yevropadan qurol sotib olmoqda).
Modi hukumati bundan keyin ham AQSh bilan ham, Rossiya bilan ham qurol-yarog‘ bitimlarini tuzish niyatida ekanini aytmoqda, deb yozadi nashr. «Qurol ishlab chiqarishda hamon to‘liq mustaqillikka erisha olmaskan, Hindiston importga umid qiladi va Rossiya uning asosiy yetkazib beruvchisi hisoblanadi», – deydi Bloomberg muxbiriga International Crisis Group tahlilchisi Pravin Donti.
Hindiston armiyasida Rossiyaning 200 dan ortiq qiruvchi samolyotlari va turli havo hujumidan mudofaa tizimlarining bir nechta batareyalari mavjud.
Biroq, sanksiyalar va urush holatidagi Rossiya armiyasining o‘z ehtiyojlari tufayli Rossiyadan har qanday keyingi yetkazib berish murakkablashadi, deya qayd etadi Bloomberg.
Mavzuga oid
23:00 / 04.12.2025
Amerika delegatsiyasi Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan - OAV
22:15 / 04.12.2025
BRICS yagona valutasini joriy etishga shoshilishdan ma’no yo‘q – Putin
08:52 / 04.12.2025
Tramp: Putin kelishuv tuzishni va «normal hayotga qaytishni» istayapti
14:50 / 03.12.2025