Jamiyat | 21:50 / 06.04.2021
3116
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda IIB xodimiga pora bermoqchi bo‘lgan mansabdor qo‘lga olindi

Navoiy viloyatida «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj» korxonasida rahbar lavozimlaridan birida ishlovchi shaxs o‘z xodimlarining jinoyatiga chora ko‘rmaslik uchun IIB xodimiga pora bermoqchi bo‘lgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, Navoiy viloyati IIB Transportda xavfsizlikni ta'minlash bo‘limi profilaktika katta inspektori katta leytenant F.J.Azimov vazifasidan kelib chiqqan holda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj» UK ishchisi A.B va boshqa temir yo‘l xodimlari dizel yonilg‘isini talon-toroj qilganligi holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazgan.

Shundan so‘ng, mazkur korxona rahbariyatidan o‘zini A.S. deb tanishtirgan shaxs qo‘l ostidagi ishchilariga nisbatan to‘plangan hujjatlarni ijobiy hal qilib berish, ya'ni dizel yonilg‘isini talon-toroj qilinganligi holati yuzasidan chora ko‘rmaslik evaziga dastlab taxminan 5 million so‘mni pora sifatida taqdim qilmoqchi bo‘lgan.

Inspektor mazkur shaxsning qilayotgan xatti-harakatlari qonunga zid ekani, buning uchun jinoiy javobgarlikka tortilishini aytib ogohlantirganiga qaramay, A.S pora taklif qilishda davom etgan.

IIV O‘z xavfsizlik boshqarmasi Navoiy viloyat bo‘yicha bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-tadbir davomida A.S. qo‘l ostidagi xodimlarga chora ko‘rmaslik evaziga 2 980 000 so‘m miqdoridagi pullarni pora tariqasida berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, A.S.ga nisbatan jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid