Jahon | 23:21 / 15.04.2021
14512
3 daqiqa o‘qiladi

Pandemiyaga bag‘ishlangan surat «Yil surati» deb topildi

Braziliyada koronavirus pandemiyasining avj pallasida olingan surat nufuzli World Press Photo versiyasi bo‘yicha «Yil surati» deb topildi. Ushbu surat daniyalik fotosuratchi Mads Nissen tomonidan olingan.

G‘olib 15 aprelda onlayn-marosimda e'lon qilindi.

Foto: Mads Nissen/Politiken/Panos Pi via EPA-EFE

2020 yil avgustida olingan «Ilk quchoq» deb nomlangan suratda San-Pauludagi qariyalar uyi hamshirasining u yerda yashovchi 85 yoshli Roza ismli ayolni sellofan parda orqali bag‘riga bosayotgani tasvirlangan.

Pandemiya sababli mart oyidan Braziliyadagi barcha qariyalar uyi tashriflar uchun yopilgandi, u yerdagi xodimlarga esa qariyalar bilan aloqani minimallashtirishga to‘g‘ri kelgan. O‘shanda qariyalar uyida ushbu muammoni hal qilishning antiqa yo‘li topildi: buning uchun «quchoqlar» uchun xavfsiz sellofan to‘siq o‘ylab topildi. U keksalarga o‘z yaqinlarini yana bag‘irlariga bosish imkonini berdi va butun dunyoda ommalashib ketdi.

«Ushbu surat hayotimizning eng antiqa onlarini abadiy muhrlaydi. Unda men ham zaiflik, ham muhabbat, ham yo‘qotish, ham hijron, ham o‘lim va eng asosiysi, omon qolishga intilishni ko‘rmoqdaman. Va buning barchasi bir suratda aks etgan. Agar suratga uzoq tikilib tursangiz, unda parvoz va umid ramzi bo‘lgan qanotlarni ko‘rishingiz mumkin», deb aytgan tanlovning hakamlar hay'ati a'zosi Kevin Li.

 World Press Photo fotosuratchilarning 1955 yildan o‘z tarixiga ega eng nufuzli xalqaro tanlovi hisoblanadi. Uning maqsadi fotojurnalistika va fotodokumentalistikada eng yuqori standartlarni rivojlantirish hisoblanadi. Joriy yilda hakamlar hay'ati a'zolari butun dunyodan 4,3 ming fotosuratchi tomonidan olingan 74,5 ming suratni ko‘rib chiqishgan. Turli yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar qatoridan 28ta davlatdan 45 fotosuratchi joy olgan. Ularning suratlari 17 aprelda Amsterdamda ochiladigan va keyinroq dunyoning 100dan ko‘proq shahrida o‘tkaziladigan World Press Photo ko‘rgazmasi uchun asos bo‘ladi.

Mavzuga oid